Fevral oyida O‘zbekiston oltin savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council).

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida jahon markaziy banklarining oltin zaxiralari 19 tonnaga oshgan. Ammo qimmatbaho metallarni xarid qilish hajmi yanvar oyiga (45 tonna) nisbatan 58 foizga kamaygan. Yillik hisobda markaziy banklar yanvar va fevral oylarida oltin zahiralarining 64 tonnaga oshgani haqida xabar berdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 43 foizga kam, lekin 2022-yilga nisbatan to‘rt baravar yuqori hisoblanadi.

Bu oyda Xitoy Xalq banki eng yirik xaridor bo‘ldi — oltin zaxirasini 12 tonnaga oshirib, 2257 tonnaga yetkazdi. Fevralni ham qo‘shib hisoblaganda, XXBning oltin zaxiralari, oltinning umumiy zaxiradagi ulushi 4 foiz atrofida saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, ketma-ket 16 oy davomida o‘sib bordi.

Qozog‘iston Milliy banki fevral oyida oltin zahiralarini 6 tonnaga oshirdi, Hindiston ham shu miqdorda oltin sotib oldi (jami zahira — 817 tonna).

Qirg‘iziston Milliy banki ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida mamlakat oltin zaxiralari 1 tonnadan ko‘proqqa oshgan, sof xaridlar esa yil boshidan beri 2 tonnani tashkil qilgan. Hozirda oltinning umumiy zaxirasi deyarli 24 tonnaga baholanmoqda.

Fevral oyida ikki davlat yirik miqdorda oltin sotdi. O‘zbekiston Markaziy banki bir oy davomida oltin zaxiralarini 12 tonnaga, Iordaniya Markaziy banki esa 4 tonnaga kamaytirdi.

2023-yilda O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqqandi. Oltinning sof savdosi 25 tonnadan ortiqni tashkil etib, birinchilikni egallagan Qozog‘istondan ikki barobar kam ko‘rsatkichni qayd etgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida O‘zbekiston 1,32 milliard dollarlik oltin sotgan, bu 2023-yilning yanvar-fevral oylaridagi hajmdan (1,18 milliard dollar) 11,5 foizga ko‘p hisoblanadi.

Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari yil boshidan buyon 2,37 milliard dollarga kamayib, 32,2 milliard dollarni tashkil etgani haqida xabar bergan edi (bu o‘tgan yilning sentabr oyidan beri eng kam ko‘rsatkich). Oltinning fizik hajmi dastlab 0,3 million troy unsiyaga (9,3 tonna) oshgan, keyin esa xuddi shunday hajmga qisqargan. Natijada 11,9 million troy unsiya qimmatbaho metall (370,1 tonna) zaxirada qolgan, biroq oltin zaxirasining qiymati 535,4 million dollarga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oxirida mamlakatning “moliyaviy yostiqchasi” 1,2 milliard dollarga tushib, 34,56 milliard dollarni tashkil etgan. Yillik hisobda zaxiralar kamayishi 2018-yildan beri ilk marta kuzatilgan. Oltinning fizik hajmi yil davomida deyarli 25 tonnaga kamaygan.