AQSh hukumati Rossiya rasmiylarini “Krokus siti holl” konsert zali hujumdan kamida ikki hafta oldin potensial terrorchilar nishoni ekani haqida ogohlantirgan, deb yozdi Washington Post vaziyat bilan tanish bo‘lgan ismi noaniq AQSh rasmiysiga tayanib.

Nashrning qayd etishicha, “yuqori darajadagi aniqlik” sabab Vashington terakt ISHID tomonidan tayyorlanganiga ishonch bildirgan. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvaning AQSh ogohlantirishlari hujumning oldini olish uchun juda umumiy bo‘lgani haqidagi da’volariga zid keladi, deya ta’kidlaydi gazeta.

Washington Post manbalariga ko‘ra, AQSh Rossiya tomoniga ma’lumotni 6-mart kuni — Amerikaning Moskvadagi elchixonasi o‘z fuqarolariga odamlar gavjum joylarda, jumladan, konsert zallarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan teraktlar haqida ogohlantirish berganidan bir kun avval uzatgan.

Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, Rossiya rasmiylari, hech bo‘lmaganda, dastlabki bosqichda ogohlantirishni jiddiy qabul qilganiga ishoralar bor. Gazeta manbalaridan biriga ko‘ra, AQSh xabarida ISHIDning sinagogaga hujum qilish rejalari haqida ham ma’lumotlar bo‘lgan. “FSB” ma’lumot olingan kunning ertasiga ISHID Moskvadagi ibodatxonaga rejalashtirgan hujumning oldi olinganini ma’lum qilgan.

Dastlabki ogohlantirishdan keyin Rossiya nima uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirmagani noma’lum. Amerika rasmiylarining taxmin qilishicha, ehtimol, Rossiya razvedka idoralari AQSh ma’lumotlarini noto‘g‘ri deb hisoblagan, chunki hujum 7-martdan so‘ng sodir bo‘lmagan va bu ularning hushyorligini yumshatgan, deb yozadi Washington Post.

Shuningdek, New York Times gazetasining yozishicha, AQShning Moskva viloyatidagi hujumdan oldingi ogohlantirishi juda aniq bo‘lgan. Amerika razvedka xizmatlari Rossiya tomoniga “Krokus siti holl” ISHIDning potensial nishoni ekanini ma’lum qilgan, deb yozdi nashr o‘z manbalariga tayanib.

Ogohlantirishda joy to‘g‘ri ko‘rsatilgan, biroq vaqt aniq emas edi, bu esa hujum bir necha kun ichida sodir bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatardi, deya xabar berdi New York Times.

AQSh ISHID va uning Afg‘onistondagi bo‘linmasi — ISHID-Xurosonning ehtimoliy maxfiy rejalari haqida jadal ravishda razvedka ma’lumotlarini yig‘moqda, deb yozadi nashr. Amerika razvedka idoralari yaqinlashib kelayotgan terroristik hujumlar haqida olgan ma’lumotlarini, hatto, dushman davlatlar bilan ham baham ko‘radi. Misol uchun, AQSh Eronni ISHID Kermanda yanvar oyida sodir bo‘lgan hujumga tayyorgarlanayotgani haqida ham ogohlantirgan. Ammo, xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi, “ogohlantirishlarga e’tibor berilmagan”, deya ta’kidladi New York Times.

2-aprel kuni Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin “FSB” AQSh rasmiylaridan ehtimoliy terakt haqida ogohlantirish olganini, biroq bu ma’lumot aniq bo‘lmaganini aytgandi. “Ma'lumotlar juda umumiy edi va bu dahshatli jinoyatda ishtirok etganlarni to‘liq aniqlashga imkon bermadi”, — degandi u.

  • 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus siti holl” konsert zaliga bir necha qurollangan shaxs bostirib kirib, o‘t ochgan. Ular binoni ham yoqib yuborgan, u butunlay yonib ketgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 360 dan ortiq kishi jarohatlangan, 11 kishi teraktni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan. Bu ishda asosiy ayblanuvchilar sifatida Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ko‘rilmoqda.
  • Hujum uchun javobgarlikni ISHID-Xuroson o‘z zimmasiga oldi. Biroq Rossiya rasmiylari hujumga Ukrainaning aloqadorligini da’vo qilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, “FSB” direktori Aleksandr Bortnikov va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev gapirdi. Ukraina Kiyevning hujumga aloqadorligini bir necha bor rad etib, bunday ayblovlarni “Kreml tomonidan rejalashtirilgan provokatsiya” deb atagan.