Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hukumatning muvofiqlik sertifikati boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan holda olib kirilayotgan avtomobilni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni taqiqlash rejasiga izoh berdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida hukumat avtomobillar, jumladan, elektromobillarni olib kirish qoidalarini qat’iylashtirish rejasini muhokama qilayotgani xabar qilingandi. Xususan, 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijorat maqsadlarida avtomobil importi taqiqlanishi va yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibiga qaytish reja qilingan. Agentlikning Kun.uz`ga ma’lum qilishicha, tanqidlardan keyin to‘xtatilgan loyiha hozir yana kun tartibiga qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, agentlik rahbari bosh vazir Abdulla Aripovga yo‘llagan maktubida mazkur loyiha vazirlik va idoralar bilan kelishilgani va jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirishga tayyorlanganini bildirgan. Biroq, tartibga solish ta’sirini baholashdagi muammo, uning sabablari va vujudga keladigan salbiy oqibatlar yetarlicha yoritilmagani hamda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi aholi va tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olib Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan rad etilgan. Shu sababdan hujjat loyihasi Adliya vazirligiga ekspertiza uchun kiritilmagan.

Agentlikning qayd etishicha, avtomobil importyorlari transport vositasi turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish jarayonidan qochib, bir turdagi transport vositasining har birini boshqa jismoniy shaxslar nomiga o‘tkazgan holda muomalaga chiqarib, ichki bozorda sotib kelyapti.

Taklif etilayotgan o‘zgarish kuchga kirsa, bojxonada avtomobillarni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish taqiqlanadi. Natijada xorijdan O‘zbekistonga transport vositalarini faqat yuridik shaxslar olib kira oladigan bo‘ladi. Olib kirishdan oldin esa avtomobilning turini ma’qullash talab etiladi. Buning uchun avtomobilning O‘zbekiston sharoitiga mosligi tekshiriladi, deya ma’lum qildi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi.

Avtomobillar importiga yuqorida aytib o‘tilgan tartibni avvaliga 1-apreldan boshlab joriy etish rejalashtirilgan, lekin ayni paytda bu boradagi hujjat loyiha holatida ekani aytildi.

“Butun dunyoda shu tartib ishlaydi. Bizda ham shu narsa bor, faqat ishlamayotgan edi, chunki bojxona hududida mashinalar birovning nomiga rasmiylashtirib olib chiqib ketiladi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017-yilda “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi 237-sonli umumiy reglament tasdiqlangan. Endi o‘sha reglament asosida muvofiqlik sertifikatini olish talab etiladi. Bu bilan O‘zbekistonni xavfsiz mashinalar bilan ta’minlash va texnik reglamentlarga amal qilinishiga erishish ko‘zlanyapti”, — deyiladi agentlikning Kun.uz keltirgan xabarida.

Agentlikka ko‘ra, 202Z yilda 62 748 ta transport vositasiga 61 372 ta muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu sertifikatlarning 60 451 tasi jismoniy shaxslar nomiga berilgan.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligining bildirishicha, yetkazib berilayotgan avtotransport vositalariga sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish, kafolat muddati doirasida bepul servis taqdim etish, ehtiyot qismlari bilan uzluksiz ta’minlash masalalari ochiq qolishiga sabab bo‘lmoqda.