2023-yil avgust oyida O‘zbekistondagi eng yirik kompaniya — Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat aksiyalari egasini o‘zgartirgan. Bu kompaniyaning o‘tgan yil birinchi yarim yilligi uchun oraliq moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

2023-yil 1-martgacha NKMKning aksiyadori sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan so‘ng zavod aksiyalarining davlat paketi bo‘yicha aksiyadorlik funksiyasi Strategik islohotlar agentligiga, boshqaruv esa — UzAssets kompaniyasiga o‘tkazilgan.

Hisobotda aytilishicha, avgust oyida aksiyalarning 98 foizi IMVga, 2 foizi esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (DABA) qaytarilgan. Agentlik odatda davlat kompaniyalarining aksiyalarini ular xususiylashtirilishi oldidan oladi, shuningdek, obyektlarni inventarizatsiyadan o‘tkazadi, ularning boshlang‘ich narxini belgilaydi va investitsion jozibadorligini oshirish ishlarini amalga oshiradi.

“Gazeta.uz” DABAga ushbu o‘zgarish yuzasidan izoh so‘rab so‘rov yubordi.

2021-yilda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov hukumat NKMKni xususiylashtirishga tayyorgarlik ishlarini boshlaganini, 2022-yilda aksiyalarning 10 foizi sotilishi mumkinligini aytgandi.

Shu bilan birga, Jamshid Qo‘chqorov hukumat kompaniyani to‘liq xususiylashtirish niyatida emasligini bildirgan. “Bu yillik daromadi 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan O‘zbekistondagi eng yirik kompaniya. 2024-yilga borib IPO`ga ko‘pi bilan 10−15 foiz aksiyalarni chiqarishni rejalashtiryapmiz”, — degandi bosh vazir o‘rinbosari.

O‘tgan yilning mart oyida NKMK O‘zbekistonda IPO`ga chiqariladigan 40 ta korxona ro‘yxatiga kiritilgan edi. Uning doirasida yirik korxonalar, jumladan, OKMK, O‘zmetkombinat, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalarini aholiga taklif qilish rejalashtirilgandi.

NKMK o‘tgan yil boshida foydasi 9 trillion so‘mga (-6,4 trillion) kamayishi, xarajatlari esa 39,9 trillion so‘mga (+11,9 trillion) oshishini prognoz qilgan edi, biroq hukumat ko‘rsatmasi bilan “tejamkorlik rejimi” joriy etilgan.

2023-yilning olti oyi yakuni bo‘yicha kompaniya sof foydasi 841 million dollardan 774 million dollarga (foydadan soliqlar 619 million dollardan 547 million dollarga) kamaydi. Dividendlar miqdori 454 million dollardan 326 million dollarga qisqardi, deya e’tibor qaratdi moliyachi Otabek Bakirov.

Konlar va foydali qazilmalarga bo‘lgan huquq qiymati 4 milliard dollardan 3,86 milliard dollarga tushgan.

Kompaniya mahalliy va xalqaro banklar bilan 15 oydan 5 yilgacha muddatga 54 million yevro va 83 million dollargacha bo‘lgan kredit shartnomalarini imzolagan. Kompaniya, shuningdek, ilgari tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha transhlar ham olgan. Ba’zi bank kreditlari davlat kafolatlari va NKMK oltinlarini sotishdan tushgan pul mablag‘lari bilan ta’minlanadi. Moliya vazirligi kreditlari kafolatsiz hisoblanadi.

O‘rtacha kredit stavkasi 6,73 foizdan 8,57 foizgacha ko‘tarilgan (qarz dollar va yevroda ifodalangani sababli).