Hukumatning 29-martdagi “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori bilan barcha toifadagi avtomototransport vositalariga ekologik stikerlarni joriy etish tartibi va muddatlari tasdiqlandi.

Mart oyi boshida Toshkent shahri havo ifloslanishi darajasidan kelib chiqib ekologik zonalarga ajratish, transport vositalariga esa “qizil”, “sariq” va “yashil” yorliqlar (stikerlar) yopishtirilishi ma’lum bo‘lgandi. Loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan va u tomonidan ma’qullangan.

Yangi qarordan ko‘rinib turibdiki, ekostikerlar butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etiladi. Jarayon 1-iyundan boshlanishi reja qilinmoqda.

“Ekologik transport” tizimi

1-iyundan avtotransport vositalaridan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish bo‘yicha “Ekologik transport” tizimi joriy etiladi. U nimani nazarda tutadi?

Birinchidan, hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, “ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida” “toza” (“yashil”), “o‘rta” (“sariq”) va “zararli” (“qizil”) ekologik zonalarga ajratiladi.

Ikkinchidan, transport vositalarining normativlarga mosligi darajasi avtomatik baholash tizimiga asosan diagnostika tekshiruvi jarayonida aniqlanadi, natijalari bo‘yicha qalbakilashtirishdan himoyalangan va elektron belgiga ega bo‘lgan ekologik stikerlar beriladi.

Uchinchidan, ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash choralari ko‘riladi.

“Ekologik transport” tizimini joriy etish 2030-yilgacha davom etadi: birinchi bosqich Toshkent shahrida (2024−2026), ikkinchi bosqich Nukus shahri, viloyat markazlari va zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalar, jumladan sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish va dam olish maskani va boshqalarda (2026−2028), uchinchi bosqich boshqa barcha hududlarda (2028−2030).

Ekozonaga muvofiq bo‘lmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Jarima mablag‘lari esa mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.

Ekostikerlar: ixtiyoriy yiliga bir marta ro‘yxatdan o‘tish va diagnostika — bepul

1-iyundan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va ularga ekologik stikerlar berish Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayonida bepul amalga oshiriladi.

Boshqa hollarda ushbu xizmatni bepul ko‘rsatish belgilangan muddat: Toshkent shahrida — 2027-yil 1-yanvargacha, Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida, shuningdek, ayrim ekologik zonalarda — 2029-yilning 1-yanvariga qadar, qolgan barcha hududlarda — 2031-yil 1-yanvargacha o‘tkaziladi.

Ixtiyoriy ravishda yiliga bir marta yangi ekostiker olish xizmati ham bepul bo‘ladi.

Elektromobil va elektromototsikllar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan boshqa turdagi transport vositalariga “yashil” toifadagi stikerlar bepul diagnostik tekshiruvisiz beriladi va pochta orqali yuboriladi. Faqat ularning egalari onlayn axborot tizimlari orqali ariza yuborishlari kerak bo‘ladi.

Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.

Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim turdagi transport vositalari ekologik kompensatsiya to‘lagan holda vaqtinchalik foydalanishi mumkin bo‘ladi. Tegishli tartib hukumat tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Ekozonalar: dinamik elektron xaritalar va belgilar

Hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash hamda ularni o‘zgartirish tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan Ekologiya vazirligi taklifiga asosan amalga oshiriladi.

Vazirlikka ilg‘or xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb etgan holda innovatsion texnologiyalar asosida barcha ekologik zonalar haqidagi umumlashgan ma’lumotlardan iborat O‘zbekistonning atmosfera havosi bo‘yicha dinamik elektron ekologik xaritasini ishlab chiqish topshirildi.

Ekologik zonalar xududida va ularga kirish joylarida axolini qulay tarzda xabardor qiluvchi belgilar o‘rnatiladi. Ma’lumotlar elektron platformalarda e’lon qilib boriladi.

Huquqbuzarliklarni foto va video qayd etish

Transport vositalarining normativlarga mosligini diagnostika tekshiruvidan o‘tkazish Ichki ishlar vazirligining “Innovatsiya loyixalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Markaz xodimlari tarkibiga ekologiya operatorlari qo‘shiladi.

Yangi tizimni joriy etish doirasida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari o‘z hududlarida zarur jihozlarga ega diagnostika markazlari tashkil etilgan holda ta’mirlanadi, qayta quriladi yoki qayta quriladi.

Ekologiya vazirligiga ekologik zonalarda transport vositalaridan foydalanish qoidalari buzilishini avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari va dasturiy ta’minot xarid qilish topshirildi. Vazirlik ularga texnik xizmat ham ko‘rsatadi.

Ekologiya vazirligi tarkibida atmosfera havosini nazorat qilish monitoring markazi hamda ekologik zonalarda avtotransport vositalaridan foydalanish bo‘yicha huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish bo‘yicha ma’muriy amaliyot bo‘limi tashkil etiladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, Ichki ishlar va Transport vazirliklariga 1-iyunga qadar yangi va mavjud axborot tizimlarini integratsiyalash bo‘yicha topshiriq berildi.

Ekologik zonalarda transportdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 1-dekabrgacha ishlab chiqilishi kerak.

Bundan tashqari, “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagi avtomobillarga almashtirish uchun subsidiya berish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda mazkur tashabbusni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.