Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xalqaro qidiruvda bo‘lgan bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov hibsga olinganini tasdiqladi.

Idora xabarida aytilishicha, sobiq amaldor 25-mart kuni Ozarbayjon maxsus xizmatlari ko‘magida Bokuda qo‘lga olingan. U bilan birga uning uch aka-ukasi ham hibsga olingan va Bishkekka olib ketilgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 53 yoshli Matraimov noqonuniy qamoqqa olish va jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanuvchi hisoblanadi. “Hozirda jinoyat ishi materiallari doirasida tezkor tergov tadbirlari davom etmoqda”, — deya aniqlik kiritiladi xabarda.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, shuningdek, Matraimov o‘tgan yilning oktabr oyida hibsga olinishi chog‘ida o‘ldirilgan “qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Ko‘lboyev bilan “yaqin aloqada bo‘lgani” va “bojxona xizmati xodimlari hamda hukumat amaldorlari orasidan jinoiy guruh tuzgan”ini da’vo qilmoqda.

  • Rayimbek Matraimov 2015—2017-yillarda Qirg‘iziston bojxona xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Sobiq amaldor korrupsion sxemalar bo‘yicha jurnalistik tekshiruvlarda bir necha bor qatnashgan. 2020-yilda Matraimov korrupsiyada ayblanib hibsga olingandi. U o‘shanda davlatga yetkazilgan 2 milliard so‘m zararni qoplashga rozi bo‘lgan va qamoq jazosidan qutulib qolgandi.
  • Yanvar oyi oxirida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Matraimovni mansab jinoyati alomatlari bo‘lmagan holda shaxsning harakatlanish erkinligini majburan cheklashda ishtirok etganlikda gumon qilib, qidiruvga bergandi. Matraimovning 34 million dollarlik mulki davlat hisobiga o‘tkazilgan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari uni “korrupsiyaning klassik namunasi” deb atagan.
  • Jinoyat boshlig‘i Qamchi Ko‘lboyev 4-oktabr kuni Bishkek markazida o‘tkazilgan maxsus operatsiya chog‘ida o‘ldirilgan. AQSh Ko‘lboyevni “Qirg‘izistondagi eng nufuzli jinoiy guruh rahbari” deb atagan va uni dunyodagi eng yirik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar ro‘yxatiga kiritgan.
  • Bir necha oy o‘tgach, Qirg‘iziston davlat idoralarida, jumladan, Ichki ishlar vazirligi va bojxona xizmatida ommaviy tozalash bo‘lib o‘tdi — Qo‘lboyev va Matraimov bilan aloqasi uchun 180 dan ortiq xodim ishdan bo‘shatildi.