26-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari viloyatda ko‘p imkoniyatlar ishga solinmagani, joylarda kamchiliklar ham borligini ta’kidladi. Xususan, eksportining 86 foizi to‘qimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga to‘g‘ri keladi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqo‘rg‘onda sanoatlashish darajasi past. Viloyatda 56 ming tomorqada mahsulot yetishtirilmayapti.

“Sayxunobod tajribasi” asosida viloyatda mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari boshlangani ma’lum qilindi. 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga bank filiallari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga xonadonlardagi imkoniyatlarni, oilaning xohish-istaklarini o‘rganmoqda, deyiladi xabarda.

Birinchi bosqichda kam daromadli 4 mingta xonadon tanlab olinib, oila a’zolari jon boshiga oylik daromadni 2 million so‘mgacha oshirish choralari ko‘riladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa ko‘rinishdagi amaliy yordam beriladi. Mahallalarda gulchilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay va kartoshka yetishtirishga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

“Bu ishlarni kim qilishi kerak? Prezident vakili bo‘lgan hokimlar, sektor rahbarlari, 5 mingdan ortiq iqtisodiy idora xodimlari, mahalladagi „yettilik“ qilishi lozim. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev zargarlik sanoatida ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i 78 mln dollarlik eksport bo‘lmoqda.

zargarlik markazи, наманган, шавкат мирзиёев

U tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishini ma’lum qildi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi. Bu borada qonunchilikka ham takliflar kiritiladi. Bundan tashqari, Turkiya tajribasi asosida Namanganda oltinni qayta ishlash va sotish bo‘yicha yirik markazni ishga tushirish topshirildi.

To‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlarga yana yo‘llar va turizm kiradi. Angren shahridan to To‘raqo‘rg‘ongacha 100 kilometr yuriladi, avtomobil oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar 2,5 trln so‘m investitsiya kiritib, ushbu yo‘l bo‘yida kafe, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etadi, shu orqali 10 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlashga tayyor. Shu munosabat bilan mutasaddilarga viloyat hokimligi huzurida alohida direksiya tashkil qilib, master-reja ishlab chiqish va yo‘l bo‘yidagi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatning tog‘li va xushmanzara hududlarida, ayniqsa, Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on tumanlarida turizmni rivojlantirish, sayyohlarga qulaylik yaratish uchun avia va temiryo‘l qatnovlarini ko‘paytirish zarurligini aytdi. Germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tajribasi asosida bu tumanlarda tog‘ turizmini rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish va yil yakunigacha loyihalarni boshlash muhimligi ta’kidlandi.

Transport vazirligiga bayram kunlari avia va temir yo‘l reyslari sonini 2 barobar oshirish, Namangan yoki Farg‘onaga uchish grafigini qayta ko‘rib chiqib, vodiyga har kuni bo‘ladigan aviareyslarni ko‘paytirish topshirildi.

zargarlik markazи, наманган, шавкат мирзиёев

Prezident 16 ta sanoat zonasida 78 gektarda qo‘shimcha loyiha joylashtirish imkoniyati borligi, 29 ta noruda koniga sanoat kirib bormaganini qayd etdi. Viloyatning qo‘shni davlatlarga eksporti 568 mln dollar, biroq bu bor imkoniyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Shu bois konlarni savdoga chiqarish, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqo‘rg‘on” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Chegara posti yaqinida Xitoylik hamkorlar bilan “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, prezident to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari tarmoqlaridagi loyihalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

25-mart kuni Norin daryosida GESlar kaskadi, Pop tumanida ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli kichik GESlar kaskadi ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Prezident qishloq xo‘jaligi muammolari haqida gapirar ekan, kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlari “mutlaqo qoniqarsiz ekanini” ko‘rsatib o‘tdi.

Uchqo‘rg‘on, Pop, Uychi va Mingbuloqda Sloveniya tajribasi asosida intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilishi, bu tarmoqda 4 ta yirik loyiha ishga tushirilishi aytildi.

zargarlik markazи, наманган, шавкат мирзиёев

Namanganda 1,5 mln tonna meva-sabzavotdan 10 foizi eksport qilingan. Agar ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, eksportini 3−5 barobar oshirish mumkin. Shu maqsadda viloyat meva-sabzavot eksporti geografiyasi Xitoy, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Arab davlatlariga kengaytiriladi. 54 ming gektar yerning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari GSP+ talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavot (8 foiz), go‘sht (28 foiz), sut (9,5 foiz)ni qayta ishlash darajasi pastligi aytildi. Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi yo‘q. Bu yo‘nalishda 141 mln dollarlik 62 ta loyiha ishga tushiriladi. Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari tashkil etiladi.

Shahar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash vazifalari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda 200 ming aholi uchun Yangi Namangan shahri qurilmoqda. Endi Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari, yana 20 ming xonadonli turar joylar, IT-park va bog‘ barpo etiladi.

Viloyatdagi 16 ta markaz negizida 3,5 ming o‘ringa ega 2 ta — birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi. Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tunu-kun xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, Avstriya bilan hamkorlikda Namangan shahrida zamonaviy gemodializ markazini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Prezident viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash vazifalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Viloyatda 6 ta davlat va 3 ta xususiy oliygoh bor. Shavkat Mirziyoyev ular ichida yetakchi bo‘lgan Namangan universitetida o‘zgarish qilish vaqti kelganini ta’kidladi. Xususan, universitetdagi 71 ta ta’lim yo‘nalishi 56 taga kamaytirilib, yangi adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanadi. Ta’lim sifatini oshirish uchun o‘quv dasturlari yangilanadi.