O‘zbekiston bank sektorida keyingi ijobiy o‘zgarishlarga erishish chuqur tuzilmaviy zaifliklar va sektordagi yangi risklar tufayli uzoq davom etishi mumkin. Bu haqda Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi sharhida aytiladi.

Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan konferensiyada agentlik 2020-yil may oyida mamlakat bank tizimini isloh qilish bo‘yicha keng qamrovli strategiya e’lon qilinganidan buyon davlat banklari asosiy e’tiborni biznes modellari negizida bozorga yo‘naltirilgan yondashuvga o‘tkazishda sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidladi.

Ushbu islohotning asosi ko‘plab davlat banklarini — biznes modellarini asosiy e’tiborni yo‘naltirilgan kreditlashdan tijorat faoliyatini rivojlantirishga o‘tkazish orqali o‘zgartirgandan so‘ng — xususiylashtirishdan iborat.

O‘zbekiston hukumati 2025-yil oxirigacha kamida uchta bankni xorijiy strategik investorlarga sotish niyatida. Bu nodavlat banklarning tarmoq aktivlaridagi ulushini 60 foizga (2023-yil oxirida: 32 foiz) oshiradi. Ushbu islohot, shuningdek, banklarda korporativ boshqaruv va risklarni boshqarish tizimlariga yondashuvni qayta ko‘rib chiqishni, shuningdek, prudensial tartibga solishni takomillashtirishni ham o‘z ichiga oladi, deya qayd etadi Fitch.

Islohotlar boshlangani e’lon qilinganidan beri mamlakat rasmiylari O‘zbekistondagi beshinchi yirik bank bo‘lgan “Ipoteka-bank” aksiyalarining nazorat paketini Vengriyaning OTP bankiga sotdi. Biroq yaqinda yana ikkita yirik bank — “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) va “Asakabank"ning sotilishi mos ravishda 2024-yil va 2025-yil oxirigacha qoldirildi, agentlik kelgusida kechikishlar bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Sharhda ta’kidlanishicha, har ikkala bank ham o‘z biznes modellarini o‘zgartirishda davom etmoqda va kreditlashni diversifikatsiya qilish harakatlariga qaramay, past foizli korporativ kreditlashga katta bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

“Agar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yoki Xalqaro moliya korporatsiyasi kabi xalqaro moliya institutlari minoritar aksiyadorlarga aylansa, bank savdosi istiqbollari yaxshilanishi mumkin, chunki bu potensial investorlarga sotuvdan oldingi tayyorgarlik ko‘p jihatdan yakunlanganidan dalolat berishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Fitch tahlilchilarining ta’kidlashicha, aktivlar sifati qisqa muddatda O‘zbekiston banklarining kreditga layoqatliligini baholashga ta’sir etuvchi asosiy omil bo‘lib qoladi.

Tashkilotning hisob-kitoblariga ko‘ra, sektordagi qadrsizlangan kreditlar ko‘rsatkichi (MHXS 9 bo‘yicha 3-bosqich kreditlari, NPL muammoli kreditlarga qo‘shimcha ravishda, qadrsizlangan va qayta tuzilgan hamda boshqa riskli kreditlarni ham o‘z ichiga oladi) 2023-yilda jami kreditlarning 10 foizdan ortig‘iga o‘sgan. Fitch joriy yilda bu ko‘rsatkich yanada oshishini kutmoqda, chunki banklar oldingi davrlardan meros bo‘lib qolgan muammoli kreditlarni tan oladi.

“Biz davlatga qarashli taraqqiyot banklarini eng zaif deb hisoblaymiz, chunki ular rivojlanish uchun yuqori riskli, subsidiyalangan kreditlashda ishtirok etadi”, — dedi tahlilchilar.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda chakana kreditlashning jadal o‘sishi o‘rta muddatli istiqbolda qo‘shimcha xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligi qayd etilgan. Chakana kreditlar 2018−2023-yillarda sektor kreditlarining ulushi sifatida ikki baravar ko‘payib, o‘tgan yil oxirida 32 foizni tashkil etdi. Ularning sifati 2024−25 yillarda, ayniqsa, chakana kreditlashning so‘nggi o‘sishiga turtki bo‘lgan kafolatsiz iste’mol krediti va avtokreditlash kabi xavfli segmentlarda yomonlashishi kutilmoqda.

Markaziy bank tomonidan joriy etilgan so‘nggi regulyativ cheklovlar chakana kreditlash segmentida “qizib ketish” xavfini yumshatishi kerak, biroq ko‘rilgan choralar kutilgan natijani berishi uchun vaqt talab etiladi, deydi tahlilchilar.

O‘zbekiston banklarining rentabelligi o‘rta muddatli istiqbolda yuqori marjali chakana kreditlashga e’tibor kuchayishi, sof foyda ko‘rsatkichlariga tavakkalchilik xarajatlari sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi tufayli yaxshilanishi kerak.

Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, islohotlar boshlanganidan beri hukumat banklarni kapital qo‘llab-quvvatlash uchun tanlab olishda e’tiborliroq bo‘lib qolgan, shu sabab taraqqiyot banklari yangi 1-darajali kapital badallarining asosiy qismini tashkil etgan. Agentlik davlat banklari davlat mablag‘lari va kapital bozorlaridan jalb qilingan mablag‘larga (shu jumladan, xalqaro moliya institutlaridan) yuqori darajada bog‘liqligini, shuningdek, likvidlik zaxiralarining cheklanganligini hisobga olib, ularning moliyalashtirish profilini zaif deb baholaydi.

Fevral oyidagi sharhda Fitch investorlarning kayfiyatiga postsovet hududidagi hozirgi geosiyosiy noaniqlik ham ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlagandi, bu esa xususiylashtirishni kechiktirishi mumkin.

2023-yil avgust oyida prezident “Qishloq qurilish bank” (yaqinda Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirildi), “Asakabank”, “Aloqabank”, “Agrobank” va boshqa banklarni xususiylashtirish hamda aksiyalari IPO`sini kechroq muddatga qoldirgandi. Avvaliga davlat ulushini to‘liq auksionga qo‘yish rejalashtirilgan O‘zsanoatqurilishbankning davlat ulushi 2024-yil oxirigacha 50 foizga kamaytirilishi ko‘zda tutilgandi.