Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tumani sudining 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida besh kishi og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasini sodir etgan Toyota Camry haydovchisi — 18 yoshli N.T.ga nisbatan ish ko‘rib chiqildi.

“Gazeta.uz” o‘rgangan sud materiallariga ko‘ra, o‘tgan yilning 20-noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Bangor universiteti 2-kurs talabasi, Buxoro viloyatida tug‘ilgan 18 yoshli yigit Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab 80−85 km/soat tezlikda harakatlangan. Xavfli quvib o‘tish manyovrini amalga oshirgan va boshqa mashina bilan to‘qnashishning oldini olishga urinib, chapga burilgan, oqibatda beton bordyurga urilgan. Mashina ag‘darilib, qarama-qarshi yo‘lakdagi Nexia bilan to‘qnashgan. Avtomobilda transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi bo‘lmagan.

Hodisa oqibatida Nexia haydovchisi va undagi to‘rt nafar Xitoy fuqarosi jabrlangan. Ularda turli xil sinishlar, miya chayqalishi va boshqa jarohatlar (jigar o‘ng bo‘lagining yorilishi, qorinning yopiq shikastlanishi, bosh miyaning yopiq sinishi, gematoma, gemoperitoneum, 3-darajali travmatik shok, post-travmatik anemiya va boshqalar) yuzaga kelgan. Ikki nafari o‘rtacha og‘irlikdagi, yana ikki nafari og‘ir, hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan.

Nexia`ga yetkazilgan zarar 28 million 280 ming so‘mni tashkil etgan.

Toyota haydovchisi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, kechirim so‘rab, jabrlanuvchilarga davolanishi va boshqa xarajatlari uchun 200 million so‘m to‘laganini aytgan. U suddan “oilaviy va moddiy ahvolini” inobatga olgan holda jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Nexia haydovchisi yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganini tasdiqlagan. U sudlanuvchiga nisbatan hech qanday shikoyati yo‘qligini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Sudda boshqa jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari o‘qib eshittirilgan, biroq sud qarorida ularning mazmuni oshkor etilmagan.

Sh. Shermatov raisligidagi sud N.T.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan aybdor deb topib, 1 yil muddatga avtomashina boshqarish huquqidan mahrum qildi. Shuningdek, davlat foydasiga BHMning 10 baravari (3,3 million so‘m) miqdorida jarima undirildi.

Ammo ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun jazo BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlarini nazarda tutadi.

Avgust oyida rulda ketayotganini videoga olib, svetoforda Nexia-3 bilan to‘qnashgan Equinox haydovchisi haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi va yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun atigi 1 mln 650 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgandi. Sud Nexia-3 haydovchisiga ham guvohnomasi yo‘qligi uchun xuddi shu miqdorda jarima solgan.