Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni O‘zbekistonda BYD elektromobillari va gibrid avtomobillari hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi 2022-yil avgust oyidayoq O‘zbekistonda to‘liq siklli avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishib olgandi. Bungacha tomonlar avtomobil bozorini o‘rgangan.

2022-yil 29-dekabrda “O‘zavtosanoat” (60 foiz ulush) va BYD Europe B.V. (Niderlandiya, 40 foiz) BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasini tashkil etgan. 2023-yil 26-sentabrda O‘zbekiston hukumati va investor o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan. BYD brendi O‘zbekistonda 2023-yil boshidan rasman taqdim etila boshlangan.

Qarordan anglashilishicha, investor va qo‘shma korxona o‘z majburiyatlari doirasida loyihani amalga oshirishning butun davri davomida umumiy qiymati 160 mln dollarlik investitsiyalarni, jumladan, 60 mln dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi kerak.

Birinchi bosqichda 2024-yil davomida mayda uzelli yig‘ish (CKD) usulida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatini 50 ming donaga yetkazish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarida quvvat yiliga 500 ming donagacha oshirilishi kutilmoqda.

Investor mamlakatdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalari uchun butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar, jumladan, oyna, o‘rindiqlar, plastik qismlar va bamperlar ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirishga ko‘maklashishi, shuningdek, 1000 ta ish o‘rni yaratishi lozim.

Bundan tashqari, investor ilmiy tadqiqotlar olib borilishi va mahalliy kadrlar, jumladan, xorijdagi BYD korxonalarida muntazam ravishda malakasini oshirishi uchun qo‘shma korxona mablag‘idan yo‘naltirish majburiyatini oladi.

Prezident Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga BYD bilan kelishuvga yiliga 500 mingtagacha ishlab chiqarish quvvatiga erishish rejalariga qo‘shimcha ravishda mahalliylashtirish darajasini 60 foizga yetkazish, 10 ming ish o‘rni yaratish, shuningdek, qo‘shma korxona tomonidan belgilangan eksport davlatlari bilan bir qatorda doimiy ravishda avtomobillar eksport qilinadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish bandlarini ham kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirdi.

Shuningdek, shartnomaga sifatli hamda xavfsiz elektromobillar va gibrid avtomobillar xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga mos kelishini ta’minlash va kafolatli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqish, avtomobil ishlab chiqaruvchi barcha korxonalarga, shu jumladan, investorga imtiyozlar va preferensiyalar berishda teng sharoitlar yaratish masalalari ham qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, xuddi shu hujjatda BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning “tartibsiz” importini cheklashni so‘ragani aytiladi. Bu so‘rov import qilingan modellarning mahalliy iqlim va yo‘l sharoitiga moslashtirilmagani bilan izohlangan.

Prezident Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti tamoyillaridan kelib chiqib 2024-yil 1-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha investor talabini amalga oshirishga qaratilgan takliflar kiritish topshirig‘ini berdi.