18-mart kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan YTH ortidan mansabdorlarning ehtiyotsizligi bo‘yicha alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda 19-mart kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

“Gazeta.uz” yozganidek, YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi va avtobus haydovchisi halok bo‘lgan. Viloyat teatriga ketayotgan avtobusda 27 nafar o‘g‘il bola bo‘lib, qizlar boshqa avtobusda borgan. Hodisa svetofori ishlamayotgani taxmin qilingan chorrahada yuzaga kelgan. Katta yo‘l bo‘ylab ketayotgan beton aralashtirgich avtobusga urilgan (yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, svetofor ishlamagan taqdirda, avtobus haydovchisi unga yo‘l berishi kerak edi).

Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil etishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlangan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

YTH yuzasidan esa Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov organi tomonidan bir kun avval JKning 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

“Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.