Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, muloqot davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va davlatlar o‘rtasidagi so‘nggi yillarda to‘plangan ijobiy sheriklik tajribasiga e’tibor qaratildi.

Suhbat davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, jumladan, gender tengligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Antoniu Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ijobiy holatida O‘zbekistonning muhim roliga alohida to‘xtalib o‘tdi. “Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan Markaziy Osiyo bugun ahil-inoq yashamoqda, mamlakatlar barcha sohalarda jadal hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan mintaqa ayollari ham faoliyati ishonchli qo‘llarda bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining noyob muloqoti doirasida birlasha oldi”, — dedi u.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

“Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi”, — deyiladi Senat xabarida.