BMT Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida qatnashgan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva BMT axborot xizmati muxbiri Nargis Shekinskayaga intervyu berdi. Intervyuda o‘tgan sessiya, O‘zbekiston qonunchiligida oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash va ayollarning davlat boshqaruvidagi ulushini oshirish haqida so‘z yuritildi.

BMT Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasiga haqida

“So‘nggi besh-olti yil davomida ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash masalasi butun davlat siyosatimizning birinchi o‘riniga qo‘yildi. O‘tgan yili Konstitutsiyamizni yangiladik. Konstitutsiyada O‘zbekiston dunyoviy, ijtimoiy davlat deb e’lon qilindi. Yangilangan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash masalalari ham o‘z ifodasini topgan. Shu bois, BMTning Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasi mavzusi biz uchun juda qiziq edi”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

“Biz ikkita asosiy qonunni ham qabul qildik. Bu O‘zbekistonda ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi va zo‘ravonlikka qarshi qonun. Ushbu qonunlar bilan oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb belgiladik. Bu masalalar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki rivojlangan davlatlar uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ko‘rmoqdamiz”.

“Biz [sessiyaga] o‘z tajribamizni taqdim etish va boshqa davlatlarning tajribasini o‘rganish uchun keldik. Qolaversa, biz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari nomidan gapirdik. O‘zbekiston tashabbusi bilan 2021-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti tashkil etilgan bo‘lib, unga Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati kirgan. Nyu-Yorkka safarimiz oldidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazdik. Bu maslahatlashuvlarga Ozarbayjon ham qo‘shildi. [Sessiyaga] o‘zimizning aniq takliflarimiz bilan keldik. Men bu yerda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlari va Ozarbayjon nomidan ham nutq so‘zladim”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun haqida

“Bilasizmi, uzoq yillar davomida bizning mamlakatlarda, postsovet hududidagi Markaziy Osiyo davlatlarida bu mavzu tabu edi, deyishimiz mumkin. Umuman olganda, zo‘ravonlikka oid masalaga kelganda, uni milliy urf-odatlarimiz, mentalitetimiz, Markaziy Osiyo va musulmon mamlakatlari xalqlarining fe’l-atvori bilan bog‘lashar edi. Lekin so‘nggi yillarda odamlarning dunyoqarashi o‘zgardi, ayollar o‘z huquqlarini hurmat qilishni talab qila boshladi. Eng muhimi, davlatlarimiz rahbariyati bizning murojaatlarimizni juda ijobiy qabul qilmoqda va barcha rahbarlar ayollar va erkaklar teng huquq hamda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak degan fikrga mutlaqo qo‘shilmoqda”, — dedi Tanzila Narbayeva.

“O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlik sifatida belgilab qo‘ydi. O‘z tajribamizni boshqa davlatlar bilan baham ko‘rishdan mamnunmiz. Qozog‘istonda ham shunday qonun qabul qilinayotganini eshitdik. Bunday qonunchilik boshqa davlatlarda ham ko‘rib chiqilmoqda. Ammo qonunning qabul qilinishi — bu ishning yarmidir. Eng muhimi, uni amalda qo‘llash”.

“Albatta, bu qonunni qabul qilish juda qiyin bo‘ldi. Biz ishchi guruh bir yil davomida uning ustida ishladik. Ma’lum lavozimlarda o‘tirgan odamlar, ba’zi erkak rahbarlar bu normalarni qabul qilishni xohlamadi. Shunga qaramay, biz ilgari surgan qonunni hamma tushundi va qabul qildi. Mazkur qonun 2023-yilning aprel oyida qabul qilingan va u allaqachon amalda”, — dedi Senat raisi

Tanzila Narbayeva suhbat davomida aholi o‘rtasida keng targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilayotganini ham ma’lum qildi. “Jismoniy zo‘ravonlik kabi tushunchalar avval ham mavjud edi. Lekin iqtisodiy zo‘ravonlik, psixologik zo‘ravonlik masalalari huquqiy hujjatlarimizda o‘z aksini topmagandi. Bu tushunchalar joriy etilib, ish beruvchilar va oilalarda tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, — dedi u.

Davlat boshqaruvida ayollar ulushi haqida

“O‘zbekistonda avvallari bu masalada ortda qolish bo‘lardi. Bundan 6−7 yil avval parlament a’zolarining atigi 15 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 32 foiz ekani xotin-qizlarni yetakchilikka tayyorlash borasida olib borilgan ishlar samarasidir. Va biz bu ko‘rsatkich bilan to‘xtamoqchi emasmiz”.

“Bu borada qonunchiligimizga o‘zgartirish kiritdik — avvallari saylovlarda har bir partiyadan taqdim etilgan ro‘yxatning uchdan bir qismi xotin-qizlardan iborat bo‘lishi kerak edi, bugun esa siyosiy partiyalar taqdim etilgan ro‘yxatning kamida 40 foizi ayollardan tashkil etishini ta’minlashi kerak. Albatta, ayrim ziddiyatli vaziyatlarni hal etishda, budjet mablag‘lari, mablag‘larni taqsimlashda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni muhokama qilishda ham xotin-qizlarning ovozi eshitilishi kerak”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Video