15-mart kuni xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashining qarori bilan Murodjon Abdurahimov shahar hokimi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Murodjon Abdurahimov 1986-yilda Chirchiq shahrida tug‘ilgan. 2008-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2010-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida magistraturani tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Qibray tumani Baytqo‘rg‘on xizmat ko‘rsatish va iqtisodiyot kasb-hunar kollejida iqtisodiyot fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Shuningdek, Toshkent viloyati hokimligida, keyinroq “O‘zkommunxizmat” agentligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida mutaxassis, bosh mutaxassis, bo‘lim mudiri singari vazifalarda ishlagan.

Tayinlovga qadar u Vazirlar Mahkamasida mas’ul vazifada ishlab kelgan.

Murodjon Abdurahimov mazkur lavozimda boshqa ishga ishga o‘tishi sabab ozod etilgan Davron Hidoyatovning o‘rnini egalladi.

Uning hokimlik davrida Chirchiqda “aholining uy-joyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkinligiga ishonchi yo‘qolgan”, chunki, Zoyir Mirzayev so‘zlariga ko‘ra, tumanda uy-joy sotishda “shapka” va “otkat” olingan. Viloyat hokimi iyul oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Davron Hidoyatovni tanqid qilib, Chirchiq shahridagi ko‘chmas mulklarni sotishda korrupsion sxema mavjudligini ta’kidlagandi.