14-mart kuni O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Alisher Qayumov Singapurga yetib keldi va o‘z vazifasini bajarishga kirishdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, 54 yoshli diplomat Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlagan. Uzoq yillar davomida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) hamda Germaniyadagi elchixonada savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi sifatida ishlagan.

U elchixona maslahatchisi sifatida Avstriya va Venadagi xalqaro tashkilotlardagi diplomatik missiyani boshqargan. Xususiy biznesda, jumladan, xorijda ishlash tajribasiga ega, deyiladi xabarda.

Alisher Qayumov 2017-yildan buyon Germaniyadagi elchixonada maslahatchi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

U O‘zbekistonning Singapurdagi (2018−2024) va Avstraliyada (2022−2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi bo‘lib ishlagan Qahramon Shokirov o‘rniga tayinlandi.