Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) “Notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunga “xorijiy vakil” tushunchasini kirituvchi o‘zgartirishlarni uchinchi — yakuniy — o‘qishda qabul qildi, deb xabar berdi 24.kg.

Qabul qilingan tuzatishlar, huquq himoyachilari va jurnalistlarning fikricha, Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshab ketadi, shu sababli qirg‘iz OAV uni norasmiy ravishda “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun” deb atamoqda. Factcheck.kg nashri hujjat muhokama bosqichida payti uni tahlil qilib, qonun loyihasining 69,2 foizi Rossiya qonunidan ko‘chirilganini aniqlagan.

Kloop`ning qayd etishicha, qonun loyihasiga ovoz berish muhokamasiz qabul qilingan va ikki daqiqa davom etgan. 66 deputat ma’qullab, 5 nafar deputat qarshi ovoz bergan. Endi hujjatni prezident imzolashi kerak.

Qonun loyihasiga ko‘ra, xorijiy vakil xorijdan mablag‘ oladigan va Qirg‘izistondagi “siyosiy faoliyat"da, jumladan, xorijiy manbalar manfaatlarini ko‘zlab ishtirok etuvchi notijorat tashkilot hisoblanadi. Bunday faoliyat deganda davlat organlari va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish maqsadidagi harakatlarni amalga oshirish tushuniladi.

Hujjat NNTlarni hokimiyat organlariga moliyalashtirish manbalari, mulk va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishga majbur qiladi. Bundan tashqari, ular davlat organlari tomonidan rejali va rejadan tashqari tekshiruvlarga duchor bo‘lishi mumkin, shuningdek, organlar qonunbuzilish holatlarida tashkilot ishini to‘xtatib turish vakolatiga ega bo‘lmoqda.

Qonun loyihasining birinchi tahrirlarida “fuqarolik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishga yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga sabab bo‘ladigan” notijorat tashkilotni tashkil etganlik yoki unda ishtirok etganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangandi. 20-fevralda ushbu qoida hujjatdan olib tashlandi.

  • Qonun loyihasi avval ham xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, xorijiy hukumatlar, huquq faollari, mustaqil OAV va mahalliy jamoat arboblari tomonidan bir necha bor tanqid qilingan. Qirg‘izistonning “Adilet” yuridik klinikasi advokatlari mazkur hujjat inson huquqlari va mamlakat Konstitutsiyasiga zid ekanini ta’kidlagandi.
  • Yanvar oyida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham “xorijiy vakillar” to‘g‘risidagi qonun loyihasidan xavotirda ekanini bildirgandi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov buni mamlakat ichki ishlariga aralashish deb atagan.
  • 2023-yil sentabr oyida Qozog‘istonda Rossiyaning “xorijiy agentlar” reyestrining analogi paydo bo‘lgandi. Unga jurnalistlar, OAV, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari kiritilgan. Reyestrga kiritilganlar uchun hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi.