O‘zbekistonda 2024-yilgi dastur doirasida 100 mingta uy-joy qurish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning uy-joylar qurilishi sohasidagi vazifalar bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida so‘z boradi.

Prezident tadbirda yangi uylarning narxi va sifatida nomutanosibliklar borligini aytdi.

“So‘nggi yillarda mamlakatimizda uy-joy qurish keskin ko‘paygani hisobiga quruvchilar ham hokimlar ham katta tajriba orttirdi. Endi ular qurilish tannarxini pasaytirish va uylar sifatini yaxshilash bilan qattiq shug‘ullanishlari vaqti keldi. Qaysi vazir yoki hokim uy-joy narxi oshishi sababining ichiga kirib, uning oldini olish bo‘yicha bosh qotiryapti? Qurilish vaziri Botir Zokirov viloyat hokimlari bilan birga 2 hafta muddatda qurilish tannarxini pasaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha hisobot beradi” — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev uy-joy bozorida narxlar oshishining oldini olish uchun taklif hajmini oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda ko‘p qavatli uylar qurish uchun qo‘shimcha yer uchastkalari auksionga qo‘yiladi.

Viloyat hokimlariga ikki hafta muddatda qo‘shimcha 20 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlarini aniqlab, ikki oy muddatda auksionga qo‘yish topshirildi. Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi 60 gektar yerni sotuvga qo‘yishi kerakligi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev bu sohada aholi va quruvchilar uchun qator yangi imkoniyatlar berilishini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bu yil ipotekani moliyalashtirish uchun barcha manbalardan 22,5 trln so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, ipoteka kreditlari uchun qariyb 10 trln so‘m, daromadi yuqori bo‘lmagan 20 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovini qoplash uchun 2,3 trln so‘m beriladi.

Pudrat tashkilotlarining aylanma mablag‘ini ko‘paytirish uchun 500 mlrd so‘m resurs yo‘naltiriladi. Bunda yillik 16 foiz stavkada 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oyga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bu maqsadlarga banklar ham o‘z mablag‘larini kiritadi, deyiladi xabarda.

Qurilish ishlari hamda aholining uy-joy sotib olishi uchun ham qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi. Xususan, endi 5 qavatli uylarni barpo etishga kamida “qoniqarli” va 9 qavatli uylarga “o‘rta qoniqarli” reytingiga ega bo‘lgan pudratchilar jalb qilinadi. Bu — qo‘shimcha 2 mingga yaqin pudratchiga yo‘l ochib beradi.

Turar joylar qurilishida “yashil” standart joriy qilinadi. U asosida bunyod etiladigan uy uchun pudratchilarga kreditlar bir foiz past, ya’ni yillik 15 foiz stavkada beriladi.

Pudratchilarga kreditlar bo‘yicha kafillik berish va foiz xarajatini qisman qoplashga Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan 200 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Uy qurilishi uchun maxsus texnikalar importi bo‘yicha berilgan bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi.

Bundan buyon ipoteka kreditlari bo‘yicha garovga olinadigan uyni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi.

Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga, “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida, o‘z hovlisida uy qurish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka krediti ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kreditning 15 foizi va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6 foizgacha bandi budjetdan qoplab beriladi. Aholiga bu borada ko‘maklashishda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi muhim o‘rin tutadi. O‘tgan uch yilda uning kredit portfeli 3 trln so‘mdan oshdi. Ushbu kompaniya ustav kapitalini 100 mln dollarga yetkazish, xorijiy mablag‘lar jalb etishni kengaytirish vazifasi belgilandi.