O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasidagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Prezident 12-mart kuni tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va eksportga jalb etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 18-dekabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq bergan. Shundan so‘ng, ekspertlar ishtirokida tadbirkorlarning takliflari asosida yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan.

“2023-yili eksportchi korxonalarga 665 mlrd so‘mlik yordam ko‘rsatilib, 3 mlrd 200 mln dollarlik eksport ta’minlangan. Lekin ayrim tarmoq va hududlarda bu mablag‘lardan samarali foydalanilmagan. Elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, zargarlik tarmoqlarida eksport o‘rtacha ko‘rsatkichlarga yetmagan. Uyushmalar tomonidan 2 ming 709 ta salohiyatli eksportchilar qamrab olinmagan, ularga haligacha biror yordam ko‘rsatilmagan”, — deyiladi xabarda.

Shu sababdan hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini yaxlit tizimda birlashtirish maqsadida 12 ta tarmoq va sanoat uyushmasini Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda.

“Bu orqali loyiha tayyorlash va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tadi. Natijada ularning talab va istaklarini eshitish, muammolarini hal qilish osonlashadi, tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligi kuchayadi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, sohadagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. U chet eldan malakali dizayner, texnolog va marketologlarni jalb etib, milliy mahsulotlarni xalqaro talablarga moslashtirish, eksportchilarning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bu kompaniya tomonidan subsidiya, kompensatsiya va boshqa ko‘maklar tadbirkorlarning barqarorlik reytingi asosida ajratiladi.

Shuningdek, “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruvi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan aloqalari kuchaytiriladi. Barcha tumanda Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari ish boshlaydi.

Yig‘ilishda mutasaddilar 2024-yil mahalliy sanoat eksporti hajmini 12 mlrd dollarga yetkazish rejalari to‘g‘risida axborot bergan.

18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident endi hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport bilan Savdo-sanoat palatasi shug‘ullanishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari tugatilishi, Eksport agentligi va jamg‘armasi, “O‘zbekekspertiza” tashkiloti ham Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tishi ta’kidlangandi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda mahsulotlarning sifatini ta’minlash maqsadida xorijdan dizayner, marketolog va konstruktorlar jalb etish kerakligi aytilgandi. Prezident mamlakat mahsulotlarining faqat sotilishi emas, balki tashqi bozorlarda brend sifatida tanilishi uchun ham ko‘maklashish zarurligini ta’kidlagandi.