Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon oyi kirib kelgani bilan tabrikladi.

“Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli bo‘lgan, barcha ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman. Ma’naviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo‘ladigan mohi Ramazonni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada o‘tkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi”, — deb yozdi prezident.

Ta’kidlanishicha, ushbu oyda “xalq manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodni bilim-ma'rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyat, el-yurt o‘rtasida mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlar yanada” ziyoda bo‘ladi.

“Ming afsuski, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda, begunoh insonlarning qoni to‘kilmoqda. Biz butun xalqimiz bilan birga yaratgan egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go‘zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo‘lishini chin dildan so‘rab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilamiz”, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonda Ramazon oyi 11-martdan 9-aprelgacha davom etadi. “Gazeta.uz” Ramazon oyida onlayn taqvimni e’lon qilgan, uning yordamida saharlik va iftorlik vaqtlari hamda ulargacha qolgan vaqtni bilib olishingiz mumkin.