Ko‘p qavatli uylarni hovlilar, sport maydonchalari va dam olish maskanlari o‘rnida qurish muammosi nafaqat Toshkent, balki O‘zbekistonning boshqa shaharlari aholisini ham tashvishga solmoqda.

Yaqinda “Gazeta.uz” poytaxtning Yunus Rajabiy mahallasi aholisi, bir yarim yildirki, futbol maydoni va yashil hudud o‘rnida rejalashtirilgan besh qavatli bino qurilishiga qarshi kurashayotgani haqida yozgandi. Toshkent futbol assotsiatsiyasi ham bolalar mashg‘ulot o‘tkazadigan joyni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan. Bir kun avval Xalq demokratik partiyasi mazkur vaziyatga munosabat bildirib, yerni shahar zaxirasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi poytaxt sobiq hokimining qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Tahririyatga Nukus shahridagi markaziy mahallalardan biri “Gulzor” aholisidan bolalar futbol maydonchasi o‘rnida turar joy binosi qurilishi boshlangani haqida murojaat kelib tushdi. Jarayon aholining noroziligi va turli idoralarga qilingan murojaatlarga qaramay amalga oshirilmoqda.

bino, нукус, futbol maydoni

Mahalliy hokimiyat organlaridan javob ololmagan fuqarolar Oliy Majlis Senati, Davlat xavfsizlik xizmati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga xat yo‘llashgan.

40 nafar fuqaro imzolagan matnda amaldorlar davlatda e’lon qilingan va prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qayta-qayta ta’kidlangan qoidalarga e’tibor bermayotgani aytiladi. Davlat rahbari, ayniqsa, har bir qaror va ish aholining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda amalga oshirilishi zarurligini muntazam ta’kidlab keladi, deya eslatadi aholi.

Xatda qayd etilishicha, bu hudud allaqachon ko‘p qavatli uylar bilan gavjum, endi esa bolalar o‘ynashi, aholi dam olishi uchun joy qolmaydi.

O‘tgan yozda Nukus hokimligi o‘zining Telegram-kanalida “„Gulzor“ mahallasi tajribasi” aks etgan videorolikni e’lon qilgandi. Kadrlarda ekinlar bilan o‘ralgan maydon, o‘rindiqlar, bolalar maydonchasi va o‘sha futbol maydonini ko‘rish mumkin.

Hozir bolalar futbol o‘ynagan sobiq maydonda sun’iy qoplama borligiga qaramay, allaqachon chuqur qazilib, poydevor quyila boshlandi.

bino, нукус, futbol maydoni

Aholi “Gazeta.uz”ga Qoraqalpog‘iston Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 14-fevraldagi Prezident xalq qabulxonasiga yo‘llagan murojaatiga javoban olingan xat nusxasini taqdim etdi. Unda Nukus hokimning 2022-yil 28-martdagi qarori bilan bu yerda “futbol maydonini rekonstruksiya qilish” va “Kalbak kurыlыs” kompaniyasi tomonidan 5 qavatli bino qurish ko‘zda tutilgan.

2023-yil 14-aprelda shahar Qurilish boshqarmasi tomonidan 7 qavatli binoni “qurish uchun rekonstruksiya qilish” maqsadida ruxsatnoma berilgan. Shu bilan birga, 2021-yil 1-iyulda loyiha Davlat kadastr palatasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Biroq loyihaning smeta hujjatlari shahar qurilish kengashi va respublika ekspertizasidan o‘tmagan, deyiladi Qoraqalpog‘iston Qurilish vazirligi xatida.

bino, нукус, futbol maydoni

Xatda aholi respublika miqyosidagi rahbar va tashkilotlarga murojaat qilishga majbur ekanliklarini qayd etib, ularning xatlari Nukusga qayta ish yuritish uchun yuborilmasligiga umid bildirishdi.

Shuningdek, ular bino qurilishiga imkon yaratgan har bir harakat va ruxsatnomaga huquqiy baho berilishini so‘radi.

O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi xuddi shunday holatlar haqida quyida o‘xshash xabarlar bo‘limi orqali o‘qishingiz mumkin.