Unays Building MCHJga foydalanish huquqi bilan berib yuborilgan Farg‘ona shahridagi sobiq “Yoshlar ko‘li” Sport vazirligiga qaytariladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shahar markazidagi sun’iy ko‘l ko‘p qavatli turar-joy, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun qurilish firmasiga berib yuborilgani ma’lum bo‘lgandi. Bunda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov prezident qaroriga noto‘g‘ri ishora qilgan. Yer topshirilgan kompaniya esa qaror chiqishidan 24 kun oldin ro‘yxatdan o‘tgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, “Yoshlar ko‘li” bino-inshootlari Unays building MCHJga investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalanish huquqi bilan berilgan, ya’ni sotilmagan.

Ushbu obyekt 2020-yil 30-dekabrida viloyat hokimi qaroriga asosan Sport vazirligi tomonidan Farg‘ona shahri hokimligi balansiga o‘tkazib berilgan.

Biroq hokimlik tomonidan obyektga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonun talablari bajarilmagan, deyiladi xabarda.

Xususan, davlat ko‘chmas mulk obyektlarini, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasidan boshqa davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror Davaktiv agentligi tomonidan qabul qilinishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartiblar buzilgani munosabati bilan agentlik tomonidan Sport vazirligiga obyektni Sport maktabi balansiga qaytarib olish to‘g‘risida, shuningdek, viloyat hokimligiga tegishli qarorni bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan.

“Davaktiv agentligi tomonidan ushbu davlat mulki obyektini tegishli Sport maktabi balansiga qaytarish masalasi qat’iy nazoratga olinishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.