Toshkent shahar hokimligi qoshida Yo‘llarda harakatni tashkillashtirish markazi (YHTM) tashkil etiladi. 5-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxtning gavjum chorrahalari va ko‘chalarini tartibga solish, bu orqali tirbandliklarni bartaraf etishga oid loyiha taqdimoti taqdim qilindi, “Gazeta.uz” taqdimot lavhalarini o‘rgandi.

Loyiha o‘z oldiga uchta asosiy vazifa — piyodalar xavfsizligi va qulayligi, jamoat transportiga ustuvorlik, o‘tkazish qobiliyatini oshirish va yo‘l transport hodisalari sonini kamaytirishni qo‘ygan.

Mazkur loyiha sinov tariqasida yirik chorrahada — Bobur va Furqat ko‘chalari kesishmasida amalga oshirilgan. Piyodalar uchun chorrahada “xavfsizlik orolchalari” qurilgan, piyodalar o‘tish joyida svetoforni boshqarish uskunalari o‘rnatilgan. Jamoat transporti bekatlari yo‘lovchilar uchun tushib chiqishga qulay tarzda qayta loyihalashtirilgan.

Shuningdek, chorrahaga davomiyligi oqimga qarab moslashadigan intellektual svetoforlar tizimi tashkil etilgan, deyiladi xabarda.

Bu kabi loyihalar natijasida chorrahalarning o‘tkazish qobiliyati sezilarli darajada oshib, tirbandliklar kamayadi, jamoat transporti yanada samarali bo‘lishi kutilmoqda.

Prezident bu ishlarni kengaytirish, “shahar — piyodalar uchun” tamoyilini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

илҳом маҳкамов, yo‘lларда harakatni tashkillashtirish markazi, тошкент, transport vazirligi

Taqdimotdan ma’lum bo‘lishicha, tashkil etilayotgan Yo‘llarda harakatni tashkillashtirish markaziga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi 2000 dan ortiq foto va video qayd etish tizimini o‘rnatish;
  • pullik to‘xtash joylarini tashkil qilish;
  • elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish;
  • transport kompleksi uchun yagona reklama maydonini yaratish.

YHTM, shuningdek, Transport vazirligi qoshidagi loyiha ofisining Qurilish-montaj va ekspluatatsiya boshqarmasi (QMEB) va “Aholini tashish monitoringi va nazorati” davlat tashkiloti funksiyalarini ham oladi.

Resurslar bilan ta’minlash uchun YHTM boshqaruvi ostida maxsus fond tuziladi.

Taqdimotda aytilishicha, poytaxtning barcha ko‘chalari zamonaviy texnik talablarga mutlaqo javob bermaydi.

Transport vaziri Ilhom Maxkamov bu markazga ilmiy xodimlar ham, nazorat xodimlari ham jalb etilishini ta’kidladi. U barcha transport, jamoat transporti, jumladan, hududlardan kelayotgan elektropoyezdlar va tezyurar poyezdlar harakatini uyg‘unlashtiradi. Transport vaziri rahbari bu loyihani uzoq muddatli deya atadi.