5-mart kuni Sirdaryo viloyati xalq deputatlari Guliston shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda aholi murojaatlarini hal etish, obodonlashtirish bo‘yicha ishlar qoniqarsizligi, shahar master rejasi oxiriga yetkazilmagani, eksport masalasida ahvol yomonligi, ayniqsa, qurilish ishlarida o‘zibilarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani keskin tanqid qilingan.

Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Guliston shahar hokimi lavozimiga Jamoliddin Xusnuddinovich Ходжиманов nomzodini tavsiya qilgan. Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining qarori bilan u Guliston shahar hokimi etib tayinlandi.

Jamoliddin Xodjimanov 1987-yilda Sardoba tumanida tug‘ilgan. 2011-yil Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida moliya va iqtisodiyot sohalarida turli tashkilotlarda mas’ul vazifalarda ishlagan. Tayinlovga qadar Chilonzor tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning fevralidan buyon Guliston shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan To‘lqinjon Dadabayev fevral oyi boshlarida sog‘ligidagi muammolar sabab o‘z arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgan.