2025-yilda O‘zbekiston ikkinchi bor Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturida (PISA) ishtirok etadi. Jahon banki yana yordam beradi, deb xabar qildi JB matbuot xizmati.

O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan PISA tadqiqotiga ilk bor 2022-yilda qo‘shilgan. Tadqiqot davomida savodxonlikning uchta yo‘nalishi: o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha 80 dan ortiq davlatdan bo‘lgan 15 yoshdagi o‘quvchilarning ko‘nikmalari va bilimlaridan foydalanish qobiliyati baholangan.

pisa, жаҳон banki, maktabлар, ta’lim

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) PISA-2022 testida O‘zbekistondagi 200 dan ortiq maktabdan 7200 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etishini ta’minlagan. O‘zbekistonni baholash natijalari past bo‘lganiga qaramay, ushbu tajriba maktab ta’limi tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash hamda ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini yaxshilash yo‘lida ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni boshlash imkonini berdi, deb ta’kidladi Jahon banki.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” PISA natijalari haqida so‘z yuritib, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning natijalar nimani anglatishi va qanday choralar ko‘rish kerakligi haqidagi ikki qismdan iborat kolonkasini e’lon qilgan edi.

30-aprel kuni MMTV, Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jahon banki hamkorligida PISA-2025 tadqiqotlari uchun joriy yilning may oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan pilot testlarni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlandi.

Toshkent shahridagi 110-sonli maktabda o‘tkaziladigan ikki kunlik seminar doirasida maktab ta’limi sohasi mutaxassislari PISA-2025 doirasida o‘quvchilarning savodxonligini baholash bo‘yicha ishlatiladigan metodologiya, testlar va savollardan iborat onlayn platforma bilan tanishadi.

Seminarda Jahon banki ekspertlari, jumladan, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli ishtirok etdi.

O‘zbekistonda PISA-2022 doirasidagi tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish Jahon banki moliyaviy ko‘magida MMTV tomonidan amalga oshirilayotgan “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan (73,85 million dollar). Loyiha milliy maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan. PISA-2025 doirasidagi tadqiqotlarga tayyorgarlik ham ushbu loyiha ko‘magida amalga oshirilmoqda.