Poytaxtning Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy ko‘chasi 60-uyda istiqomat qiluvchi aholi ikki yildan beri o‘z hovlisi va undagi futbol maydonini saqlab qolish uchun kurashmoqda. “Gazeta.uz” futbol maydoni buzilishi xavfi xususida batafsil yozgan edi. Sport maydonchasini saqlab qolish maqsadida Toshkent futbol assosiatsiyasi tomonidan bu yerda poytaxtning uchta tumani bolalari o‘rtasidagi musobaqa ham o‘tkazgandi.

Aholi va sport tashkilotlarining sa’y-harakatlariga qaramay, 2024-yil yanvar oyida maydon yonida obyekt pasporti paydo bo‘ldi: uning o‘rniga avtoturargohga ega 5 qavatli ofis binosi qurilishi rejalashtirilmoqda. “Gazeta.uz” futbol maydonchasi atrofidagi voqealar haqida batafsil hikoya qiladi.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

2022-yil 17-avgustda mahalla aholisi vakillari uylar o‘rtasidagi 0,0561 gektar maydon e-auksion.uz saytida sotuvga qo‘yilganidan tasodifan xabar topdi. Auksion 2022-yil 13-sentabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Avgust oyida aholi auksionni to‘xtatish talabi bilan Chilonzor tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sud da’voni qanoatlantirganiga qaramay kimoshdi savdosi baribir o‘tkazildi. Sudya aholiga shahar hokimining hovlining 30 sotix maydonini shahar zaxira fondiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga da’vo arizasi kiritishni tavsiya qildi. Yerning munitsipal maqomi uni davlat tomonidan kimoshdi savdosiga qo‘yilishiga imkon beradi, aholi shundan xavotirda.

Sudyaning tavsiyasi bilan fuqarolar Chilonzor tumanlararo ma’muriy sudiga hokimning qarorini bekor qilish talabi bilan da’vo arizasi kiritdi. Sud da’voni rad etdi, Toshkent shahar ma’muriy sudi va Oliy sudda bo‘lib o‘tgan jarayon ham xuddi shu qaror bilan yakunlandi. Prezident qabulxonasi va tuman prokuraturasi aholining murojaatiga quruq javob qaytardi. Shunga qaramay, qurilish to‘lqini bir muddat tinchidi.

60-uyda yashovchi Mukarram Bahromxo‘jayevaning fikricha, qurilishning tinchib qolishiga aholining unga qarshi kurashganligi sabab bo‘ldi.

“[Yer] egasi endilikda qurish istagida emasligi va pullarini qaytarib olishga harakat qilayotganini ta’kidladi. Shunga qaramay, Oliy sud hokimning qarorini o‘z kuchida qoldirganidan so‘ng, quruvchi fikridan qaytdi va tayyor loyiha bilan keldi”, — deydi Mukkaram Bahromxo‘jayeva.

2024-yil yanvar oyi boshida mahalla qo‘mitasida yer egasi Doniyor Yusupov va Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazilishi kerak edi. Yig‘ilishda tuman hokimligi vakili ishtirok etmadi, quruvchi esa qurilish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan ruxsatnoma va loyiha eskizidan iborat hujjatlar to‘plamini aholi ko‘rib chiqishi uchun qoldirdi.

Hujjatlarga ko‘ra, loyiha SanQvaN (SanPiN) talablariga javob beradi. Kommunal xizmatlar, shuningdek, Madaniy meros agentligi ijobiy xulosa bergan. Maydon o‘rnida pastki qavatlarida yer osti avtoturargohi va savdo maydonchalariga ega bo‘lgan besh qavatli ofis binosi qurish rejalashtirilmoqda.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

Shuningdek, aholi kimoshdi savdosiga avvaliga 5,61 sotix yer qo‘yilganidan norozi — obyekt atrofida avtomobillar uchun kirish yo‘llari bo‘ladi, bino esa loyiha hujjatlarida ko‘rsatilganidan ko‘proq hududni egallaydi. Bundan tashqari, ofisning barcha transport yuklamasi hovliga tushadi va aholi uchun ortiqcha tashvish tug‘diradi.

“Poydevor bo‘yicha bino 560 kvadrat metr maydonni — butun sotib olingan hududni egallaydi, — deydi maydoncha oldidagi uyda yashovchi Valeriy Lavkov. — Biroq loyiha eskizida futbol maydoni, garajlar, axlat qutisi mavjud emas, butun binoning atrofida esa asfaltga o‘xshash keng chiziq tortilgan, mashinalar qandaydir tarzda binoga yetib borishi kerak. Agar bino sotib olingan hududda quriladigan bo‘lsa, qolgan hamma narsa sotib olinmagan hududda tashkil etilishi rejalashtirilgan”.

Aholi ushbu loyiha turar-joy hovlisining sport va dam olish funksiyasini yo‘qqa chiqarishidan xavotirda. Bugungi kunda ushbu futbol maydoni 7000 nafar aholi istiqomat qiladigan butun mahallada yagona hisoblanadi. Undan to‘rtta ko‘p qavatli uy va yaqin atrofdagi xonadonlarda yashaydigan bolalar foydalanadi. Mukarram Bahromxo‘jayevaning qayd etishicha, maydon aholi mablag‘lari hisobidan qurilib, obodonlashtirilgan, biroq ular maydonni uy balansiga o‘tkaza olishmagan.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

“Ko‘cha futbolini rivojlantirish juda muhim, chunki maktab va to‘garaklardagi mashg‘ulotlar bolaning yetarli darajada jismoniy faolligini ta’minlay olmayapti, — deydi Toshkent Futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, xizmat ko‘rsatgan sportchi va futbol murabbiyi Azamat Abduraimov „Gazeta.uz“ muxbiri bilan suhbatda. — Aksariyat o‘g‘il bolalarning bolaligi ko‘chada o‘tadi, shuning uchun barcha mahallalarda o‘yin maydonlari bo‘lishi lozim”.

2023-yil sentabr oyida namoyishkorona bolalar o‘yini o‘tkazilgach, futbol assotsiatsiyasi ushbu maydonni Toshkentdagi futbol maydonlari reyestriga kiritish bo‘yicha shahar hokimligiga murojaat qilmoqchi edi. Ijobiy xulosa berilgan taqdirda, uyushma maydonga tungi yoritish moslamalarini o‘rnatish va belgilarni chizish tadbirlari uchun homiy topishni rejalashtirgan.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

Mahalla aholisi va Azamat Abduraimov bolalar turnirida.

Azamat Abduraimovning so‘zlariga ko‘ra, futbol assotsiatsiyasi hokimlikka murojaat qilmagan. Biroq, Oliy suddan futbol maydonini saqlab qolish va keyinchalik Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasi balansiga o‘tkazish maqsadida Yakkasaroy tumani hokimining qarorini kuchga ega emas, deb topishda yordam berishni so‘ragan.

Sudga yo‘llangan xatda (tahririyatda mavjud) ommaviy futbolni rivojlantirish maqsadida uyushma tomonidan Tashkent Kids futbol maktabi tajriba loyihasi tashkil etilgani aytiladi. Unda Yunus Rajabiy mahallasida istiqomat qiluvchi 22 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etayotgan bo‘lib, 60-uy hovlisidagi futbol maydoni ushbu mahalla farzandlarining asosiy mashg‘ulot maydoni hisoblanadi.

Qurilish sotib olingan maydon atrofida o‘sadigan ko‘p yillik daraxtlarga ham ta’sir qiladi. Hovli o‘z yashilligining sezilarli qismidan mahrum bo‘ladi. Shovqin aholining tinchini buzadi, hovlini qushlar tark etadi. Barcha qurilish texnikasi hovliga turar-joy binolari orasida joylashgan yagona kirish yo‘li orqali kiradi. Bino davlat bolalar bog‘chasi devoridan bir necha metr uzoqlikda quriladi. Chiqindilarni yig‘ish punktiga zarar yetkaziladi — u juda yaxshi saqlangan va shinam, unda uylar aholisi tomonidan o‘rgatilgan mushuklar bor.

“Ofis qurilishi tugallangach, hovlimizning yashil qismidan deyarli hech narsa qolmaydi. Aholi ixtiyorida faqatgina 60-uy bo‘ylab tor yo‘lak bo‘ladi. Biroq u yopiq hovli hududiga yagona kirish joyi bo‘lib xizmat qilganligi sababli, doim mashinalar bilan to‘la. Odamlar qayerda aravachalari bilan sayr qiladi, dam oladi? Bizni go‘yoki asta-sekin o‘z hovlimizdan siqib chiqarishmoqda. Go‘yoki uyimiz katta yo‘lni to‘sib, yer egasiga „halal bermasin“, degandek”, — deydi 60-uyda yashovchi Galina Lavkova.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

Qurilish, shuningdek, kommunal xizmatlarni ko‘chirishni talab qilishi mumkin, bu esa ko‘p qavatli uylarda uzilishlarga olib keladi.

19-fevral kuni aholi tomonidan Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish shikoyati kiritilgan. Yig‘ilish aprel oyining boshida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozircha tashabbus guruhi hujjatlarni yig‘moqda.

Faollar hokimlik yerlarni davlat zaxira fondiga noto‘g‘ri o‘tkazganligi to‘g‘risida yana uchta instansiya sudiga da’vo arizasi bilan chiqish niyatida. Aholining tushuntirishicha, hokimlik yerni zaxira fondiga o‘tkazishi uchun asos yo‘q edi, chunki u bo‘sh yer bo‘lmagan — bu yerda aholi faol ravishda foydalanadigan futbol maydoni joylashgan. Bundan tashqari, hududga daraxtlar ekilgan.

“Bir yarim yil davomida quruvchiga qarshilik ko‘rsatib, juda charchadik va davlat organlariga qandaydir darajada ishonchimizni yo‘qotdik. Lekin taslim bo‘lmaymiz. Nimanidir o‘zgartirishga kuchimiz yetar ekan, oxirigacha kurashamiz”, — deydi Mukarram Bahromxo‘jayeva.

Mahallalardagi yashil hududlarni yo‘q qilish hisobiga qurilishlar qilish poytaxt uchun kamyob hodisa holat emas. 2021-yilda “Gazeta.uz” O‘rtachirchiq tumani aholisining ishlab chiqarish sexi qurish uchun sotib yuborilgan futbol maydonini saqlab qolish uchun kurashi haqida yozgan edi.

Futbol maydonlari o‘rnida qurilish qilish bilan bog‘liq xuddi shunga o‘xshash holat Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Bahor” mahallasi Buz-2 massivida ham kuzatilmoqda, deya xabar berdi aholi vakillari “Gazeta.uz”ga. Uzumzor ko‘chasidagi 19-uy ro‘parasidagi maydon 2020-yilda buzib yuborilgan.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

Birinchi quruvchi kottejlar qurishga harakat qildi, biroq qurilish to‘xtatildi. Shunga qaramay, 2023-yilda yer egasi uni bu yerda to‘rt qavatli turar joy qurishni rejalashtirgan boshqa bir tadbirkorga sotib yubordi.

futbol maydonchasi, қайта qurish, hovliлар

Quruvchi aholidan ruxsat olishga urindi, biroq ularning norozi ekanligiga qaramay, o‘tgan yilning iyul oyida hududni qurilish panjarasi bilan o‘rab oldi. Shundan keyin aholi shov-shuv ko‘tardi va hozirda sudni kutmoqda.