Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi 3,1 gektar yer uchastkasida tovarlarni saqlash va sotish, transport va boshqa zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish uchun “O‘zbekiston-Turkmaniston” erkin savdo zonasi tashkil qilinadi.

Prezidentning 28-fevraldagi qaroriga ko‘ra, buning uchun hududdagi sug‘oriladigan 3,1 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi. Bunda nobudgarchiliklar o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari undirilmaydi.

Savdo zonasi keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil faoliyat ko‘rsatadi va uni boshqarish vazifasi “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasiga yuklatiladi.

Qarorda keltirishicha, u yerda faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sotiladi. Mahsulotlar zamonaviy texnologiyalar asosida qabul qilinadi, saqlab, saralanadi. Chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimi amal qiladi. O‘zbekistonda bo‘lgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hujjatini ko‘rsatib, nazorat o‘tkazish punkti orqali o‘tadi va qaytadi. Shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi.

Shuningdek, savdo zonasiga kirishda mahsulotlarga bojxona to‘lovlari to‘lanmaydi va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanmaydi.

Turkmaniston va ushbu davlat orqali tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari vizasiz tartibda, shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali kirishi, 15 kun mobaynida hududda bo‘lish va kirgan nazorat punkti orqali chiqishi mumkin.

Direksiya Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda savdo zonasidagi bino va inshootlarni tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn auksion savdolari asosida ijaraga beradi.

Savdo zonasining bosh rejasi va unda joylashtiriladigan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilishi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni moliyalashtirish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Direksiyaga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga zarur mablag‘larni ajratiladi.

1-mayga qadar savdo zonasi hududida ishga tushiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi. “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi savdo zonasining bosh rejasini hamda quriladigan bino va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurish bo‘yicha buyurtmachi bo‘ladi. Bosh reja va quriladigan bino va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha tashkiloti hamda pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolariga asosan aniqlanadi, deyiladi qarorda.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar bo‘ldi.

vizasiz режим, ўзбекистон-тuркманистон, erkin savdo зона

Foto: Lex.uz