Buxoro shahrining tarixiy qismi va bufer zonasi bilan tutash hududda “Boqiy Buxoro” etnografik sayyohlik markazi qurilishi tufayli bir qator davlat obyektlari buzilishi boshlandi. Bu esa jamoatchilik tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. “Gazeta.uz” muxbirlari Buxoroda bo‘lib, ayni paytda buzish ishlari jadal davom etayotgan obektlardan fotoreportaj tayyorladi.

Viloyat bosh arxitektori Zuxriddin Muxiddinov “Boqiy Buxoro” turist majmuasi nima sababdan aynan shahar markaziga qurilayotganiga quyidagicha izoh berdi.

Buxoro shahar hokimligi binosining buzilish jarayoni

“Oxirgi yillarda turizm sohasining rivojlanishi natijasida Buxoroga keladigan mahalliy va xorijlik turistlar oqimi ko‘paydi. Eski shahar hududida yashovchi aholiga qulay sharoit yaratish hamda shahardagi yuklamalar hajmini qisqartirish maqsadida „Boqiy Buxoro“ etnografik markazi qurishga qaror qilindi. Quriladigan markaz hududi bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqish jarayonida turli variantlar muhokama va tahlil qilindi. Oxiri Eski shaharning bufer qismida joylashgan 32 gektarlik maydon tanlandi. Chunki bu yerda bir qancha ma’muriy binolar: viloyat va shahar hokimliklari, moliya boshqarmasi, xalq qabulxonasi viloyat bo‘limi kabi tashkilotlarning binolari hamda markaziy o‘yingohning joylashgani shu hududda o‘ziga yarasha muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Ushbu ma’muriy markazga tashrif buyuradigan viloyatning barcha tumanlaridagi aholi shaharning shimoliy qismidan janubiy qismiga o‘tishda faqat Islom Karimov ko‘chasi orqali kelar edi. Bu esa noqulayliklar va transport harakatida tirbandliklarni hosil qilardi”, — dedi u.

Buxoro shahar hokimligi binosining buzilish jarayoni

Muxiddinovning qayd etishicha, ma’muriy binolarning bir qismi hozirgi paytda qurilishi davom etayotgan “Buxoro siti”ga ko‘chirilishi belgilangan. Viloyat va shahar hokimliklari hamda viloyat prokuraturasi binolarini o‘sha yerga joylashtirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan.

“Buxoro arena” sport majmuasining buzilish jarayoni

2002-yilda 22 ming 700 tomoshabinga mo‘ljallab qurilgan “Buxoro arena” sport majmuasi va futbol stadionini buzish ishlari ham qizg‘in tus olgan. O‘nga yaqin texnika va bir necha o‘nlab ishchilarning mehnat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bizning faoliyatimizga qiziqib, samimiy suhbatlashgan ayrim ishchilarning egnidagi kiyimga Enter Engeneering yozuvi tushirilgan edi.

“Markaziy o‘yingoh ham o‘ziga yarasha noqulayliklarni tug‘dirar edi. Qandaydir davlat tadbiri yoki futbol musobaqasi o‘tkazilganda 2−3 ta ko‘chalar yopilardi va bu ham transport harakatida tirbandliklarni keltirib chiqarardi. Buxoro shahrining Janubiy qismida 50 gektar maydonda „Yangi O‘zbekiston bog‘i“ massivini tashkil qilyapmiz. Hozirgi kunda loyiha jarayoni yakuniga yetib qoldi. O‘sha hududning 18 gektar qismida markaziy o‘yinohni joylashtirish rejalashtirildi va bugungi kunda loyiha ishlari amalga oshirilyapti”, — dedi viloyat bosh arxitektori.

“Buxoro arena” sport majmuasining buzilish jarayoni

“Musiqa maktabi „Buxoro siti“ majmuasi hududida musiqa va san’at maktabi sifatida quriladi. Loyiha ishlab chiqilib, bosh rejaga kiritildi”, — dedi Zuxriddin Muxiddinov.

buхоро, buхоро turistик markazi

Buxoro shahridagi musiqa maktabining buzilish jarayoni

Avvalroq, Motamsaro ona haykali Buxoro shahridagi Xotira va qadrlash maydonidan olib ketilgani haqida xabar berilgan edi. U 2019-yilda Somoniylar bog‘idan bu yerga qaytarilgandi.

“Islom Karimov ko‘chasi yoqasida 5 gektar maydondan iborat sayilgoh mavjud. Hozirgi kunda xotira maydonini o‘sha hududda qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. U yerda katta rekonstrutsiya ishlari amalga oshirilgach, Motamsaro ona haykali ham o‘rnatiladi”, — dedi viloyat bosh arxitektori Zuxriddin Muxiddinov.

Buxoro shahridagi xotira maydonining buzilish jarayoni

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2022-yil 26-dekabrda imzolagan hukumat yig‘ilishining bayonnomasida (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud) 29 ta davlat obyektini boshqa joyga ko‘chirish ko‘zda tutilgan. Hujjatda, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, 2-maktab, Buxoro davlat tibbiyot kolleji, madaniyat kolleji, “Buxoro Arena” stadioni, FHDYO va boshqa binolarni boshqa joyga ko‘chirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yili aholining e’tirozlaridan so‘ng hokimlik loyiha boshqa joyga ko‘chirilishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, joriy yilning yanvar oyida loyiha avvalroq rejalashtirilgan joyda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Deyarli barcha inshootlar, jumladan, stadion buziladi. Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrining 6-mikrorayoni hududida 20 ming o‘rinli yangi markaziy stadion bunyod etilishini ma’lum qildi.

Loyiha 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan. Chet ellik investor sifatida Singapurning nomi to‘liq bo‘lmagan (PTE Ltd) kompaniyasi belgilangan. Avvalroq loyiha pudratchisi sifatida Singapurning Enter Engeneering PTE Ltd kompaniyasi tanlangandi.

Hukumat qarori bilan Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilishi hisobga olinib, loyiha konsepsiyasini YUNESKO bilan kelishish topshirilgan. Biroq tashkilot hali o‘z xulosasini bermaganini ma’lum qildi.