Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar loyihalari bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtirish maqsadida Toshkent shahrida aksiyadorlik jamiyati shaklida “Toshkent invest kompaniyasi” tashkil etilgan. Kompaniya bo‘sh yer uchastkalari negizida investitsiya loyihalari va davlat-xususiy sheriklik (DXSH), shu jumladan, renovatsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Shu munosabat bilan DXSH shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi, poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi, “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartibi tasdiqlanmoqda.

Prezidentga Yangihayot tumanining sanoat salohiyatini oshirish va yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi to‘g‘risida axborot berildi. 664,5 gektar maydonni egallaydigan sanoat zonasi hududida yaqin yillarda 1,5 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini o‘zlashtirish, 2,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 1 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va 5 million dollar miqdorida eksport amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

U yerda 800 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari joylashishi kutilmoqda.

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, yangi sanoat zonasining boshqalardan farqi shundaki, ishtirokchilar uchun egallab turgan har bir gektar maydonidan kelib chiqqan holda mahsulot ishlab chiqarish uchun alohida shartlar belgilab qo‘yiladi.

“Prezidentimiz ushbu zonada ilmiy bo‘lim bo‘lishi kerakligi haqida topshiriq berdi. Ya’ni sohalar bir-birini to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun u ta’lim va laboratoriyalarni ham o‘z ichiga olishi kerak. Ya’ni klaster tizimi paydo bo‘ladi”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Shavkat Mirziyoyev poytaxtda turizm xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ham ko‘rib chiqdi.

Shu maqsadda Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida tegishli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Dasturda “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish, zamonaviy savdo-servis obyektlari va mehmonxonalar qurish, kanallar bo‘yida yashil va dam olish hududlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Prezident bu boradagi ishlarni mahalla darajasida tashkil etish, bunda mahallalarning o‘sish nuqtalarini aniqlab, muayyan faoliyat turiga ixtisoslashtirish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha “Andijon tajribasi"dan keng foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Davlat rahbari taqdim etilgan hujjatlar loyihalari va takliflarini ma’qulladi.

Prezident iyul oyida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 320 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etish, “Bo‘rijar” kanali qirg‘oqlarini obodonlashtirish va u bo‘ylab gastronomik ko‘cha hamda xiyobon qurish, shuningdek, transformatorlarni o‘rnatish kabi qator loyihalarni tasdiqlagandi.

2020-yilda Toshkent viloyati Toshkent tumanining Olmazor tumaniga tutash hududida qariyb 500 gektar bo‘lgan yo‘ldosh shaharcha va sanoat zonasini qurish rejalashtirilgandi.