Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 26-fevral kuni metan yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi odamlar navbat talashib, janjal ko‘tardi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Bobur Tulyaganov.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha shaxs tomonidan kaltaklangan fuqaro vafot etgan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi. Bobur Tulyaganov esa bu ma’lumotlarni rad etdi. “Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgani kabi voqeada fuqaro vafot etmagan”, — deb yozdi u.

Holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan nazoratga olinib, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov-surushtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 22-fevraldan boshlab mamlakatda metan yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlana boshladi (ular 17-fevraldan buyon yopiq edi). Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, mamlakatdagi gaz “zapravka”larining deyarli 3 dan 1 qismi faoliyatini tiklagan.