Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakatda 1-martdan benzin eksporti taqiqlanishini ma’qulladi, deya xabar bermoqda “RBK” o‘z manbalariga tayanib.

Cheklovlar olti oy davomida amal qiladi, ammo ular Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zolari (Qozog‘iston, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston), Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, shuningdek, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga mahsulot yetkazib berishning kelishilgan hajmlariga ta’sir qilmaydi.

Benzin eksportiga vaqtinchalik taqiqning joriy etilishi Rossiya ichki bozorida tez orada bahorgi dala ishlari, neftni qayta ishlash zavodlarida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari va yozgi ta’tillar bilan bog‘liq, yonilg‘iga talab ortadigan mavsum boshlanishi bilan izohlangan.

Rossiyada yil boshidan buyon Ai-92 va Ai-95 benzinlari, shuningdek, yozgi dizel yonilg‘isining birjadagi narxlari 8−23 foizga oshdi, ulgurji segmentda esa benzin narxining o‘sish sur’ati pastroq bo‘ldi (1,6 foiz), dizel esa arzonladi (-6 foiz).

Rossiyada 2023-yilning 21-sentabrdan 17-noyabrigacha benzin eksportiga taqiq joriy qilingandi. O‘shanda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu holat mamlakatdagi yonilg‘i bilan bog‘liq vaziyatga ta’sir qilganini ta’kidlagandi.

O‘zbekiston hukumatlararo kelishuv imzolangandan so‘ng — noyabr oyida Rossiya benzinining birinchi partiyasini oldi. O‘shanda jami 371 ming tonna benzin import qilinishi rejalashtirilgandi.