Davlat soliq qo‘mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Dildora Xashimova 27-fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda tadbirkorlarga Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha qo‘llangan jarimalar miqdori bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yil 13-iyundan (modda kuchga kirgan sanadan — tahr.) bugungi kungacha 1500 dan ortiq tadbirkorga nisbatan 694 mlrd so‘m jarima qo‘llanib, shundan 39 mlrd so‘mi undirilgan”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik subyektlariga fiskal belgilar va tovarlarni markirovkalash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qo‘llanadigan moliyaviy sanksiyalarni yumshatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergandik.

Hujjat bilan Soliq kodeksining tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan 227−1-moddasi bo‘yicha jarima miqdori 50 baravar kamaytirilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu moddada fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish nazarda tutilgan. Bunday qoidabuzarlik hozirda realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Endilikda birinchi marta bunday huquqbuzarlik sodir etilganda qo‘llanadigan jarima miqdori realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini tashkil qiladi va bir yil ichida takroriy qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda jarima miqdori 20 foizgacha oshiriladi.

Shuningdek, prezident farmoni kuchga kirgunga qadar 227−1-moddada nazarda tutilgan fiskal huquqbuzarliklar uchun qo‘llangan moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha qarzlarning 98 foizi hisobdan chiqariladi. Ularni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.

Shuningdek, korxonalar bu bo‘yicha to‘lagan jarimalarning 98 foizi qaytarib beriladi.

Hukumatga bir oy muddatda Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Tadbirkorlarga qanday jarima qo‘llangandi?

227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yil 11-martda kiritilgan va tasdiqlangandan keyin uch oy o‘tib — 13-iyundan kuchga kirdi. Modda quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
  • tovarlarni (alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, dori-darmonlar, maishiy texnika, 2024-yil 1-martdan — suv va ichimliklar) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar uchun identifikatsiyalash vositalari bilan majburiy raqamli markirovkalash qoidalari.

Ushbu talablar yoki tartib-qoidalarni buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Soliq maslahatchisi Gulnora Suyundikovaning aytishicha, soliq organlari savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini ichki hisob dasturlari sanaluvchi R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa tizimlardan foydalangani va ular nazorat-kassa mashinalari, ya’ni soliq organlari tizimi bilan integratsiya qilinmagani uchun jarimaga tortgan.

Ushbu jarimalar tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lganidan keyin Savdo-sanoat palatasida Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxobovlar hamda tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgandi. O‘sha uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari mazkur modda bo‘yicha qo‘llangan jarimalar jami 400 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etishi va SSP ularning hisobdan chiqarish bo‘yicha prezident qarori loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, tashabbuskor Savdo-sanoat palatasi bo‘lib, Soliq qo‘mitasi taklifni qo‘llab-quvvatlagan.