“Dok-1 Maks” iste’moli sabab vafot etgan har bir bola uchun 1 mlrd so‘mdan ma’naviy zarar undiriladi. Bu 26-fevral kuni “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yakuniy sud qarorida qayd etildi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar Singx Ravendra Pratap, Nuriya Mirzaaxmedova, Sardor Kariyev, A. Azimov, N. Musayev, Sh. Shodmanov va J. Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib, vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 milliard so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 million so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 million so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Avvalroq dori iste’mol qilib vafot etganlar soni 69 nafarga yetgani, 18 bola nogironlik orttirib olgani haqida xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, sud hukmiga ko‘ra, Farmatsevtika agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yil, uning o‘rinbosarlari 16 yil, Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.