So‘nggi kunlarda avtobuslar bilan sodir bo‘layotgan texnik nosozliklar, tutash holatlari va yo‘l-transport hodisalari ortgani sabab 5 nafar mas’ul xodim — mexanik va muhandislar ishdan olindi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar qildi.

Qayd etilishicha, “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari — bosh muhandis J.Mannopov, Idoralararo tezkor shtab boshlig‘i B.Mamenov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari boshchiligida, avtobus saroyi filiallari rahbarlari, bosh mexaniklar va mas’ul xodimlar ishtirokida avtobuslar bilan sodir bo‘layotgan texnik nosozliklar, tutash holatlari va yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari muhokamasiga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Bunda avtobuslarning texnik holatiga mas’ul bo‘lgan, ularning yo‘nalishga chiqish oldi texnik ko‘rigini talab darajasida bajarmay, o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodimlarga keskin chora ko‘rilib, 5 nafar mas’ul xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, yuqorida sanab o‘tilgan favqulodda holatlarni oldini olish choralarini ko‘rish, avtobuslarning texnik holatini birma-bir tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha 8 ta avtobus saroylari mas’ul xodimlariga topshiriqlar berilib, xodimlarning mas’uliyati yanada kuchaytirildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 26-fevralgacha rasmiy xabarlarga ko‘ra, 7 ta avtobus YTHga uchragan. Bir elektrobus esa haydovchining sog‘lig‘i yomonlashgani sabab yo‘l chetidagi panjaraga urildi.

Avvalroq ikki avtobusda yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergandik.