Jahon banki o‘zining “2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishish: Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun barqaror energiya kelajagi” bo‘yicha hisobotida mintaqaviy gaz savdosini faollashtirib, O‘zbekistondagi gaz talabi va taklifi o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish mumkinligini qayd etdi.

Hisobotda Markaziy Osiyo gazning yirik sof eksportchisi ekani, ushbu tabiiy resurs birinchi navbatda Xitoyga eksport qilinishi qayd etilgan. Jahon banki ushbu submintaqa hududi bo‘ylab talabning o‘sishi hamda gaz qazib olishning stagnatsiyasi (ayniqsa, Qozog‘iston va O‘zbekistonda) mamlakatlarning bir vaqtning o‘zida Xitoy oldidagi eksport majburiyatlarini bajarish va qishki yuqori talabni qondirish imkoniyatini cheklashini ta’kidlagan.

“Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekistonga taklif qilgan „gaz ittifoqi“ Markaziy Osiyoda tabiiy gazga bo‘lgan talab va taklif muvozanatini yaxshilashi mumkin. Biroq ushbu mamlakatlarning sovet davrida qurilgan gaz quvurlari infratuzilmasining ayanchli holati va Rossiya gazi ta’minotining ishonchliligi bilan bog‘liq noaniqliklar mavjud”, — deyiladi hisobotda.

Shuningdek, hujjatda Markaziy Osiyoda mintaqaviy gaz savdosini faollashtirish va Turkmanistondan gaz importini oshirish orqali Qozog‘istonda ko‘mir o‘rnini bosish, O‘zbekistonda yuzaga kelayotgan talab va taklif o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish, shuningdek, butun Markaziy Osiyoda o‘sib borayotgan talabni qondirish mumkin ekani keltirib o‘tilgan.

Hisobot Yevropa va Markaziy Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlariga energiya tizimlarini 2060-yilgacha uglerodsiz yoqilg‘iga o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan shoshilinch iqtisodiy siyosat va sarmoyalarni aniqlashda yordam beradigan tahlillarni taqdim etadi. Ushbu chora-tadbirlar global o‘rtacha harorat ko‘tarilishini 2 °C dan pastroq darajada ushlab turish uchun juda muhim ekani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi qariyb 5 mlrd kub metrga kamaydi.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz import qildi. Yetkazib berish hajmlari orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichidagi ulkan gaz zaxiralariga qaramay, bunday holat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillarni tahlil qilgandi.