Mavluda Aminjanovna Yusupova Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi “Ipak yo‘li” xalqaro ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mavluda Yusupova 1957-yil 7-mayda Toshkent viloyatining Chinoz shahrida tug‘ilgan. Toshkent politexnika institutini va San’atshunoslik instituti aspiranturasini tamomlagan. Me’morchilik fanlari doktori, professor.

O‘tgan yillar davomida Me’moriy obidalarni ta’mirlash institutida katta arxitektor, San’atshunoslik institutida kichik ilmiy xodim, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini va ushbu institut direktori lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovga qadar San’atshunoslik institutining “Me'morchilik” bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelgan.

“Gazeta.uz” nashri Mavluda Yusupovaning O‘zbekistondagi arxitektura yodgorliklari va restavratsiya ishlarining ahvoli haqida “Me'moriy merosni buzishni to‘xtatish” nomli maqolasi hamda fandagi plagiat haqidagi ruknini e’lon qilgandi.

Prezidentning 2018-yildagi qaroriga muvofiq xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash uchun “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti ochilgan edi. 2021-yilda davlat rahbari universitetni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga aylantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.