2024-yil oxiriga qadar Toshkent, Nukus shaharlari va O‘zbekistonning barcha viloyat markazlarida talabdan kelib chiqib, og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi kamida bitta hospis tashkil etiladi.

Bu Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturini tasdiqlagan farmonida ko‘zda tutilgan.

Hospislarni tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatiga doimiy ko‘maklashish loyihalari uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan grantlar e’lon qilib boriladi.

Hospislarni tashkil etishga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari mas’ul etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident fevral oyi boshida Qarshi shahrida 2026-yilda 50 o‘rinli hududlararo hospis ochish to‘g‘risida qaror imzolagandi.

Hozirda hospislar faqat Samarqand va Xorazm viloyatlarida mavjud. Farg‘ona viloyatida hospis o‘z faoliyatini boshlashi kerak, Toshkentda esa qurilish ishlari davom etmoqda. “Gazeta.uz” mamlakatdagi onkologiya xizmati muammolari, shuningdek, poytaxtda hospis ochilishi kechikayotgani haqida batafsil yozgandi (rus tilida).

2022-yilda Toshkent viloyatida mamlakatdagi birinchi Taskin bolalar hospisi ochilgan.

O‘zbekistonda saraton kasalligiga chalingan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida reabilitatsiya va palliativ yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini, shuningdek, hospislarni tashkil etish prezidentning 2017-yil bahorida qabul qilingan qarorida nazarda tutilgan.