Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni parlament palatalarining vakolatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishni tasdiqladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 14-noyabrda qabul qilingan, Senat esa 19-yanvarda ma’qullagandi.

“Gazeta.uz” avvalroq yozganidek, o‘zgartirishlarda Qonunchilik palatasi va Senat ko‘pchilik — deputatlar yoki senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan o‘z-o‘zini tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, endilikda bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq bosh prokuror lavozimida ishlay olmaydi. Xuddi shunday o‘zgartirish Senat raisi va Qonunchilik palatasi spikeriga nisbatan ham kiritilmoqda. Hozirda uchala rahbar ham 5 yil muddatga saylanadi yoki tayinlanadi, qayta saylanishda hech qanday cheklovlar yo‘q.

Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonunlarni 60 kun ichida ko‘rib chiqadi (bu muddat Konstitutsiyaning oldingi tahririda ko‘rsatilmagan, lekin parlament quyi palatasi qarorida ko‘rsatilgan) va ma’qullangan taqdirda, 10 kundan kechiktirmay imzolash va e’lon qilish uchun prezidentga yuboriladi.

Agar Senat ikki oy mobaynida qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi uni imzolash va e’lon qilish uchun bevosita prezidentga yuboradi.

Prezident 60 kun ichida qonunni imzolashi va e’lon qilishi kerak (eski tahrirda — 30 kun, lekin bu muddatga har doim ham amal qilinmagan).

Hududlardan saylanadigan va prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlarning umumiy soni 100 nafardan 65 nafarga qisqartirildi. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni yigirma besh nafargacha bo‘lgan miqdorda belgilandi.

Senatning bir qator vakolatlari bekor qilindi, endi ular Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari hisoblanadi:

  • davlat budjeti ijrosini nazorat qilish;
  • Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
  • prezidentning taqdimiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
  • bosh vazirning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;
  • Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish va boshqalar.

Senatning mutlaq (yangi yoki o‘zgartirilgan) vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • prezidentining taqdimiga binoan Konstitutsiyaviy sudni, Oliy sudni, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash;
  • bosh prokuror va Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda ma’qullash;
  • Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish;
  • prezident taqdimiga binoan O‘zbekistonning chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish;
  • vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
  • O‘zbekistonning chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
  • davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish;
  • mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish;
  • mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish;
  • Senat raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;
  • bosh prokurorning taqdimiga binoan Senat a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish.

Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosarlari soni 7 nafardan 2 nafarga qisqartirildi, bu lavozimda ishlagan muddatda partiya va fraksiyalarga a’zo bo‘lish taqiqlandi. Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.

Endilikda Qonunchilik palatasi prezident (hozir — bosh vazir) taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.

Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasi (ilgari Senat bilan birgalikda) ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari (ilgari saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan partiya) bilan maslahatlashganidan keyin bir oy muddatda kiritiladi.

O‘zbekistonning saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, Senat, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.

Endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Oliy sud raisi, rais o‘rinbosarlari va sudyalari, Sudyalar oliy kengashi raisi, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibi, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbari va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbari lavozimlariga saylash uchun nomzodlar prezident tomonidan Senatga taqdim etiladi.

Bosh prokuror va Hisob palatasi raisi ularning nomzodlari Senat tomonidan tasdiqlanganidan keyin prezident tomonidan tayinlanadi.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga prezident tomonidan taqdim etilgan nomzod Senat bilan kelishilganidan keyin prezident tomonidan tayinlanadi.

Deputat va senatorga 36 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan ta’til beriladi, bundan qonun hujjatlarida ko‘proq ta’til nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Qonunning Senatning miqdoriy tarkibi va qo‘mitalarning nomlarini, shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlarining soni va maqomini belgilovchi yuqorida qayd etilgan qoidalarini amalga oshirish 2024-yilgi parlament saylovlari yakunlari bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.