Toshkentdagi O‘zbekiston sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining binosi o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan Radisson mehmonxona majmuasi loyihasi 100 million dollarga baholanmoqda. Bu O‘zbekistonning 2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida qayd etilgan, “Gazeta.uz” qarorni o‘rgandi.

Toshkentdagi Radisson mehmonxonasi “Brodvey” nomi bilan mashhur Sayilgoh ko‘chasida joylashadi. Eslatib o‘tamiz, 2021-yil iyun oyida ta’sischisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sobiq rahbarining o‘g‘li bo‘lgan Doniyor Kamilovning Metropol Group kompaniyasi Toshkentdagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosini 210 milliard so‘mga xususiylashtirgan edi.

2023-yilning mart oyida Radisson Hotel Group kompaniyasi Metropol Group bilan premium toifali Radisson Collection Hotel Tashkent mehmonxonasini ochish bo‘yicha shartnoma imzolagani ma’lum bo‘ldi.

Mehmonxona 2026-yilda ochilishi rejalashtirilgan. Loyiha Markaziy Osiyodagi birinchi Radisson Collection mehmonxonasi bo‘ladi. Taxminan 130 ming kvadrat metr maydonga ega mehmonxona majmuasi “bir xil me’moriy uslubda qurilgan” to‘rtta binoni o‘z ichiga oladi. Ularda jamoat joylari, savdo maydonchalari, kinoteatr, ofislar, kvartiralar, ko‘p qavatli yer osti avtoturargohi, konferensiya va majlislar zallari joylashadi.

Majmuaning asosiy va eng baland binosida Radisson Collection Hotel Tashkent mehmonxonasi joylashadi. Bu klassik uslubda ishlangan, 27 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega 22 qavatli bino bo‘ladi. Mehmonxonada 164 ta xona, jumladan, prezident toifali lyuks xonalari bo‘ladi.

Investitsiya dasturida Metropol Group 2021-yil fevral oyida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsada, Rossiyadan kompaniya/sherik sifatida ko‘rsatilgan. Muassasa sig‘imi 860 o‘ringa mo‘ljallangan. 2024-yilning birinchi choragida 9,8 million dollardan foydalanish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Metropol Group tomonidan xususiylashtirilgan Milliy xavfsizlik xizmatining (sobiq DXQ) sobiq binosi 2023-yil iyul oyida buzib tashlanishi boshlangan edi. Bino 1950-yillarda qurilgan. Bu yerda dastlab Ichki ishlar vazirligining markaziy shahar klinikasi, keyin O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi, keyin Milliy xavfsizlik xizmati joylashgan. 2018-yilda MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirilib, yangi joyga ko‘chirildi.

Ozarbayjonning Pasha Holding kompaniyasi Toshkentda besh yulduzli Ritz-Carlton mehmonxonasini qurishni rejalashtirayotgani haqida avval xabar bergan edik. Loyiha qiymati 200 million dollarga baholanmoqda.