2024-yilning 20-fevral kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinov Vahobjonovichni “Chiqayotgan quyosh katta kordon” bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.

Marosimda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xatori Takashi Nuridinovni mukofoti bilan tabriklab, uning erishgan yutuqlarini yuqori baholadi hamda o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda yapon madaniyatini ommalashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Marosim davomida muxtor elchi Akmal Nurga faxriy yorliq va mukofotni topshirdi.

акмал нур, чиқаётган quyosh ordeni, yaponия

“Yaponiya elchixonasi janob Nuridinovga Yaponiya-O‘zbekiston munosabatlarini madaniy sohada chuqurlashtirishga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi va hamkorligi uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiradi va uni mukofoti bilan samimiy tabriklaydi”, — deyiladi elchixona xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Akmal Nurni ushbu orden bilan 2023-yilning noyabr oyida Yaponiya imperatori Naruxito farmoni bilan taqdirlangandi.

Yaponiya hukumati ilgari ham O‘zbekistonning bir qator fuqarolari va O‘zbekistonga aloqador shaxslarni ham imperator ordenlari bilan taqdirlagan:

  • “Chiqayotgan quyosh katta kordon” — O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov;
  • “Chiqayotgan quyosh katta kordon” — (2022-yilda taqdim etilgan vaqtda) bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov (hozirgi Ekologiya vaziri);
  • “Chiqayotgan quyosh katta kordon” — Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev;
  • “Quyosh ordeni, oltin va kumush nurlar” — Yaponiya internirlanganlar muzeyi direktori Jalil Sultonov;
  • “Quyosh ordeni, kumush nurlar” — Toshkent shahridagi “Fozil-Ota” Yaponiya fuqarolari qabristonining qorovuli Miroqil Fozilov;
  • “Quyosh, oltin va kumush yulduz” ordeni — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining Yaponiya bilan hamkorlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq elchisi Mirsobit Ochilov (2020-yilda vafot etgan);
  • “Oltin nurli, tasmadagi rozetli muqaddas xazina” ordeni — O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borgan Yaponiya Milliy etnografiya muzeyi faxriy professori Kyudzo Kato (2016-yilda Termizda vafot etgan).