AQSh G‘azo sektorida o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish va Isroilning Rafah shahrida amalga oshirishni rejalashgan quruqlikdagi operatsiyasi oqibatlaridan ogohlantiruvchi BMT rezolyutsiyasi loyihasini tayyorladi. Bu haqda hujjatga tayanib Guardian yozmoqda.

AQSh birinchi marta Isroil va XAMAS o‘rtasidagi mojaroda o‘t ochishni to‘xtatishni ochiqcha qo‘llab-quvvatladi. Ammo hujjat loyihasida vaqtinchalik sulh “imkon qadar tezroq” boshlanishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bu Isroil harbiylariga manyovr qilish (qo‘shinlarning dushmanga talafot yetkazish uchun qulay bo‘lgan kuch va vositalar guruhini tuzish maqsadidagi harakatlari — tahr.) uchun imkon qoldiradi, deyiladi xabarda.

Rezolyutsiya matnida ta’kidlanishicha, Isroilning Rafahga rejalashtirgan hujumi “tinch aholiga yanada ko‘proq zarar yetkazishi va ularning, jumladan, qo‘shni davlatlarga ko‘chib ketishiga olib keladi, bu esa mintaqa tinchligi va xavfsizligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi”.

AQSh, shuningdek, XAMASni 2023-yil 7-oktabrda Isroilga qilgan hujumi uchun qoraladi. Avvalroq AQShning BMTdagi missiyasi Xavfsizlik kengashining avvalgi rezolyutsiyalarida Falastin guruhiga nisbatan aniq ayblovlar mavjud emasligidan norozi bo‘lgan edi.

Reuters agentligining qayd etishicha, hujjat Qo‘shma Shtatlarning Jazoir tomonidan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish talabi natijasida tayyorlangan rezolyutsiyaga veto qo‘yishi haqidagi signallari ortidan kiritilmoqda. AQSh rasmiylari rezolyutsiya Qo‘shma Shtatlar, Misr, Isroil va Qatar o‘rtasidagi garovga olinganlarni ozod qilish va urushni to‘xtatib turish bo‘yicha muzokaralarga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

AQSh ma’muriyati vakilining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, AQSh “shoshilinch ovoz berish"ni rejalashtirmayapti va BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga muzokaralar uchun vaqt bermoqchi. Rezolyutsiyani qabul qilish uchun uni kamida to‘qqiz mamlakat yoqlab ovoz berishi va AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya yoki Xitoy davlatlaridan biri unga veto qo‘ymasligi kerak.

Bungacha AQSh ikki marta BMTning boshqa davlatlar tomonidan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiyalarini bloklagan. Biroq Vashington Isroilning, turli manbalarga ko‘ra, 1,5 millionga yaqin falastinlik qochqinlar boshpana olayotgan Rafahdagi harbiy operatsiyasiga qarshi. AQSh prezidenti Jo Bayden avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni shaharga hujum uyushtirmaslikka chaqirgan edi.

Guardian va Reuters`ning yozishicha, AQSh rezolyutsiyasi matni Baydenning izohlariga mos keladi. Ammo hujjat AQShning Rafah masalasida Isroilga bosim o‘tkazish uchun BMT orqali borishga tayyorligini va faqat ikki tomonlama aloqalarga tayanib qolmasligini ko‘rsatadi, deya ta’kidlaydi Guardian.

BMT Xalqaro inqiroz guruhi direktori Richard Gouenning Reuters agentligiga aytishicha, Isroil Vashington tayyorlagan rezolyutsiyadan xavotirda.

“Umuman olganda, oddiy fakt shundan iboratki, AQSh ushbu matnni kiritayotgani Netanyaxu uchun ogohlantiruvchi zarbadir, dedi u. — Bu Qo‘shma Shtatlarning BMTga Isroil Amerika diplomatik himoyasiga cheksiz tayana olmasligi haqida yuborgan eng kuchli signalidir”.