Adliya maslahatchisi Ulug‘bek Aslonovich Xamdamov Buxoro viloyati prokurori etib tayinlandi. Bu haqdagi buyruqni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev imzoladi, deb xabar qildi seshanba kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ulug‘bek Xamdamov tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri prokurori lavozimida ishlab kelgan.

2021-yil yanvar oyidan buyon viloyat prokurori lavozimida Mahmud Istamov ishlab kelayotgan edi. U tayinlovgacha Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari, adliya vaziri o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Prezident administratsiyasining turli lavozimlarida ishlagan.

Buxoro viloyati prokuraturasi rahbari o‘zgarishidan avval viloyatning Kogon tumani prokurori 90 ming dollar pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingan edi. Bu haqda bir necha vaqt avval Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.