20-fevral kuni soat 09:30 atrofida Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 69-yo‘nalishdagi 2 ta avtobus va Cobalt avtomashinasi o‘rtasida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tumanning Kichik avtomobil xalqa yo‘lida 27 yoshli haydovchi D.S. Yutong avtobusini haydab ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan. Keyin yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagiga chiqib ketib, 44 yoshli haydovchi X.M. boshqaruvida Cobalt mashinasiga urilgan.

So‘ngra elektrobus 38 yoshli haydovchi A.A. boshqaruvida yana bir avtobus bilan to‘qnashgan. YTH oqibatida birinchi elektrobusda bo‘lgan 20 yoshli yo‘lovchi tan jarohat olib, shifoxonaga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan shahar YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Kuni kecha Sergeli tumanida ichida yo‘lovchilari bo‘lgan elektrobus yo‘l chetidagi panjaraga borib urilgandi. Voqeaga haydovchining qon bosimi oshib, boshqaruvni yo‘qotgani sabab bo‘lgan. Elektrobus texnik shikastlangan, haydovchi shifoxonaga olib ketilgan, jarohat olganlar bo‘lmagan.