Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 3-misni boyitish fabrikasi (MBF) qurilishi chog‘ida inshootning tom qismi qulab tushdi, hodisa oqibatida vafot etganlar va jarohatlanganlar bor. Bu haqda “Gazeta.uz”ga xabar bergan o‘quvchi Hindistondan kelgan ishchilar tomonidan suratga olingan videolarni yubordi.

Videoda hamkasblari qulagan konstruksiya ostidan olib chiqishga urinayotgan ko‘plab jarohatlangan ishchilarni ko‘rish mumkin.

Bosh prokuratura “Gazeta.uz”ga voqeani tasdiqladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 3 kishi halok bo‘lgan, 45 kishi jarohat olgan.

Ushbu obyektning bosh pudratchisi Enter Engineering kompaniyasidir.

“Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, bu 3-MBF qurilishi chog‘idagi birinchi baxtsiz hodisa emas. Kelib tushgan videolarda (tahririyatda mavjud) ishchilarning qurilish maydonchasida ish vaqtida jarohat olgani aks etgan. Bunday holatlarning ayrimlari, shu jumladan, ishchilarning aybi bilan ham sodir bo‘lmoqda, biroq ularning xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasliklari, manbaga ko‘ra, ular yuk ko‘tarish moslamalari, yuklarni tashish vositalari va shaxsiy himoya vositalari bilan yetarlicha to‘g‘ri ta’minlanmagani bilan ham bog‘liq. Bundan tashqari, manbaga ko‘ra, ishchilar to‘rt oydan beri maosh olmagan.

Eslatib o‘tamiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) tarkibida 3-misni boyitish fabrikasi (3-MBF) tashkil etilishi rejalashtirilgan. “Yoshlik-1” konidan 5,12 milliard dollarlik mahsulot qayta ishlanishi kutilmoqda. Bu kon 11 ming gektar maydonni egallagan bo‘lib, unda oltin, mis, kumush, molibden kabi 13 turdagi qimmatbaho va nodir metallar mavjud. Fevral oyi boshida OKMK rahbari Abdullo Xursanov prezident 3-MBF qurilishini 1-iyuldan kechiktirmay boshlash, “muhandislik, bazaviy loyiha”ni esa 1-martgacha yakunlash haqida topshiriq berganini aytgandi.

3-MBF qurilishi uchun Enter Engineering va Rossiyaning “Uralmashzavod” kompaniyasi tanlangan. O‘shanda loyiha 2 milliard dollarga baholangan va amalga oshirish muddati 2023-yilga mo‘ljallangandi. Dastlab loyiha Renaissance Heavy Industries tomonidan SFI Management Group nazorati ostida amalga oshirilishi kerak edi, biroq 2021-yilning fevralida ular loyihadan chiqarilgan.