O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Xorazmda mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqa qilgan sobiq mansabdorlar jazoni o‘tash uchun qamoqqa emas, manzil-koloniyaga yuborilgani, avvalroq jamoatchilikka boshqacha ma’lumot berilganini yozib post qoldirdi. Toshkent shahar sudlari shu yuzasidan tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, A.M. va A.K. jinoyat sodir qilgan vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3 yilgacha, 128−1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lib, Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko‘ra har ikki jinoyat ham ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar tasnifiga kirgan.

O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan ushbu moddalarning sanksiyasi og‘irlashtirilgan bo‘lsada, Jinoyat kodeksining 13-moddasiga ko‘ra qilmishning jazoga sazovorligi jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan qonun bilan belgilanadi, shuningdek, qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan qonun bilan belgilanishi, qilmishni jinoyat deb hisoblaydigan, jazoni kuchaytiradigan yoki shaxsning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.

Shu sababli, A.M. va A.K.ga jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi va 128−1-moddasi sanksiyasi doirasida jazo tayinlangani.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 50-moddasida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga erkaklarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda belgilanishi nazarda tutilgan.

Shu sababli, A.M. va A.K.ga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi manzil-koloniyalarda o‘tishi belgilangan.

“Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 3-noyabrdagi hukmiga muvofiq 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan A.M. va A.K. hozirgi kunda Samarqand viloyati hududida joylashgan manzil-koloniyalarda jazo muddatlarini o‘tab kelmoqdalar”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning sentabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tumani sudi Xorazm viloyati prokuraturasining viloyat adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i hamda Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq raxbarini 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Jamoatchilik mehribonlik uyi rahbari 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qizni 10 oy davomida jinsiy aloqada bo‘lishga majburlagani haqida 31-mart kuni chiqarilgan Nemolchi.uz maqolasidan so‘ng xabar topgan.

Sud qarori esa O‘zbekistonda keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan. Bosh prokuratura jazo o‘ta yengil bo‘lganini tan olgan, Xorazm viloyati prokuraturasi ishni qayta ko‘rib chiqish va jazoni kuchaytirish maqsadida birinchi instansiya sudining qarori ustidan protest keltirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan ish qayta ko‘rib chiqilgan. 19-iyul kuni ish prokurorga qaytarilgan. Qo‘shimcha tergov jarayonida ular “yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi”ni ko‘rib chiqishlari kerak edi.

Sud ishni ko‘rib chiqishni bir oyga to‘xtatgan. Avgust oyining oxirida ish sudga qaytarilgan.

3-noyabr kuni Toshkent shahri sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lgan ikki sobiq amaldorga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, sobiq mansabdorlarning har biriga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.