16-fevral kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi Tashkent Index ko‘p tarmoqli savdo-sotiq bozori hududidagi soyabon avtomobillar ustiga qulab tushdi, deya xabar berdi majmua ma’muriyati.

Savdo maydonlarining bir qismida pudratchi tomonidan qurilgan yengil konstruksiya (soyabon)ning 50 metrlik qatori ob-havoning keskin yomonlashishi, kuchli qor yog‘ishi va qorning og‘irligi oqibatida qulagan.

Uning ostida 35 avtotransport turgan bo‘lib, ulardan 6 tasining kapot, tom, yoki bamper qismlariga shikast yetgan. Avtomobil bozorining reklama departamenti rahbari Sarvar Avazovning aytishicha, qulab tushgan yengil konstruksiyali soyabonlarning qurilganiga 6 oy bo‘lgan.

“Fuqarolarda noto‘g‘ri fikr uyg‘onmasligi uchun video tarqatuvchilar xolis axborot tarqatishlarini so‘rab qolardik. Ko‘rib turganingizdek, holat videolarda aytilganidek vahimali bo‘lgani yo‘q. Muammo bartaraf etildi”, — dedi bozor rahbariyati vakili.

Ayni vaqtda avtotransport vositalarining egalari bilan kelishilgan holda yetkazilgan moddiy zararni qisqa fursatlarda qoplab berish chorasi ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalro Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarini qorli va sovuq kunlarda ko‘chada ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga, binolar tomidan tushishi mumkin bo‘lgan qor va muzlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.