Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Xonobod shahrida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, 2024-yil Andijonda 190 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, 7 mingta oila yangi xonadon bilan ta’minlanishi, Asaka tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etiladi. Andijon, Asaka va Shahrixon shaharlarida urbanizatsiya dasturi amalga oshiriladi, aholisi 100 mingdan oshadigan Asaka va Shahrixon shaharlari viloyat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

Ushbu hududdagi ipoteka dasturi uchun qo‘shimcha 100 million dollar ajratiladi.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Bundan tashqari, mahallalarni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Andijon tajribasi yaratiladi. Ularni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshiriladi. Bu maqsadlarga 850 mlrd so‘m kredit resurslari va 50 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi.

Transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida Xonoboddan Asakagacha poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish, Andijondan yurtimizning boshqa shaharlariga poyezd va avtobus qatnovini ko‘paytirish rejalashtirildi.

Kichik va mikro GESlar qurish, elektr tarmoqlari va yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Viloyatda 35 ta transformator katta yuklama bilan ishlayotgani, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlarida elektr ta’minotidagi uzilishlar ko‘paygani ko‘rsatib o‘tildi.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Shu bois, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Asakada 150 megavatt, kelasi yili 100 megavatt elektr saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan, Andijon tumanida jami quvvati 400 megavatt bo‘lgan quyosh stansiyalari qurilishi boshlanadi.

Prezident ikki yilda 3 ta kichik va mikro GES qurilishini yakunlash, hindistonlik hamkorlar bilan “Shahrixonsoy” kanalida kinetik turbinali 2 ta mikro GESni ishga tushirish muhimligini ta’kidladi.

Andijonda 4,5 ming kilometr yangi yo‘l qurish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilingan. Mavjud 700 kilometr yo‘l bo‘yini 10 yilgacha aholiga bo‘lib berib, daraxt ekish zarurligi aytildi.

Andijon aeroportini xususiy sheriklik asosida modernizasiya qilish va boshqaruvga berish ishlari olib borilmoqda.andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Davlat rahbari “Xonobod-Andijon” markaziy suv quvuri ikkinchi tarmog‘ini qurishni jadallashtirish, 8 ta tumanda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga xalqaro hamkorlarni jalb qilish muhimligini qayd etdi.

Andijon tumanida organik chiqindidan 100 ming tonna o‘g‘it chiqaradigan zavod qurilishi, Asakada chiqindini qayta ishlab, yiliga 2 mln kilovatt soat elektr ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilishi belgilandi.

Shuningdek, 1 ming 760 ta quduq atrofidagi bo‘sh yerlarga 50 megavattli quyosh panellari o‘rnatib, ichimlik suvi tannarxini pasaytirish taklifi ma’qullandi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda ishsizlik darajasi 7 foizga tushgan. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshgan. 225 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgan.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Biroq Shavkat Mirziyoyev bu ko‘rsatkichlar hali yetarli emasligini, yana 400 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda ular kasb-hunarga o‘qitiladi, imtiyozli kreditlar berilib, tadbirkorlikka jalb etiladi. Xitoy tajribasi asosida mahallalar chetida issiqxonalar tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarga bo‘lib beriladi. Yoshlar axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga qo‘shimcha o‘qitiladi.

Mutasaddilarga 335 ming aholini ishli qilish, tadbirkorlik loyihalariga 8 trillion so‘m kredit berish, aholini kichik biznesga keng jalb qilish orqali Xo‘jaobod, Shahrixon, Buloqboshi tumanlarida kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish namunasini yaratish topshirildi.

Prezident Germaniya, Kanada, Koreya, Yaponiyadan ishchilarga buyurtma bor, nomzodlar uchun asosiy talab, bu — til bilish ekanini qayd etdi. Lekin Andijonda chet tilini yaxshi biladigan 1,5 mingga yaqin yoshlar bor, xolos.

Shu munosabat bilan xorijdagi ish beruvchilar talabi asosida 5 ming yoshlarni davlat va xususiy markazlarda kasb va tilga o‘qitish, 1 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimini Germaniyaga maqsadli tayyorlash muhimligi qayd etildi.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Iqtisodiyot va moliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklariga chet tili sertifikati olgan yoshlarga o‘qish xarajatini 50 foizgacha qoplashni yo‘lga qo‘yish, nemis va fransuz tili bo‘yicha B-2 sertifikatini olgan har bir o‘quvchi uchun xususiy o‘quv markazlarini subsidiyalash tartibini joriy etish topshirildi.

Raqamlashtirish vazirligiga viloyat IT eksportini 50 million dollarga yetkazib, kamida 1 ming nafar dasturchiga xalqaro bozorga chiqishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

Andijonda avtomobilsozlik sohasida 12 ta yirik va 160 dan ortiq mahalliy korxona bor. Ularda 17 ming aholi band. Buni yanada oshirish uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida mahallalarda ishlab chiqarish kengaytiriladi.

Buloqboshida keramik plita, Marhamat va Baliqchida chinni buyumlar korxonalari tashkil etiladi. Qayd etilishicha, qo‘shni davlatlarda 500 mln dollarlik chinni bozori bor.

Viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasini 100 foizga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Bu yil 150 mln dollarlik bo‘yash va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihalari yakunlanib, 6 mingta ish o‘rni yaratiladi. To‘qimachilik korxonalariga Italiyadan dizaynerlar olib kelinadi.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Prezident Andijonda mebelchilikni drayverga aylantirish zarurligini ta’kidladi. 2023-yilda 1 trln so‘mlik mebel ishlab chiqarilib, yarmi eksport qilindi. Shu bois, Oltinko‘l tumanida 16 gektar maydonda “Mebelsozlik kompleksi” barpo etiladi. Kompleksni qurish va loyihalarga 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Xitoy va Vengriyadagi farmatsevtika kompaniyalari Andijonga kelib, ishlab chiqarishni tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda. Mutasaddilarga ushbu mamlakatlarning yirik kompaniyalari bilan kelishuvga erishib, murakkab tarkibli dori va tibbiy buyum ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Andijon viloyati bilan Xitoy ishbilarmonlari o‘rtasida 3 mlrd dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Uning 1 mlrd dollarini shu yilning o‘zida jalb etish mumkin. Shu maqsadda Andijon tumanida 218 gektarda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinadi.

Investorlarga erkin iqtisodiy zonalar uchun belgilangan barcha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, sanoat zonalardagi bo‘sh yerlarga 300 mln dollarlik loyihalar joylashtiriladi.

Mutasaddilar joriy yilda 2,5 mlrd dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 45 mingta ish o‘rni yaratish, 1 mlrd dollar eksportga ta’minlash rejalarini bayon qildi.

Andijon tumanida Misr tajribasi asosida ishlab chiqarish va savdo markazini bir joyda jamlagan Zargarlik maxsus zonasi tashkil etilishi belgilandi. Andijon shahrida Davlat asillik palatasi filiali ochiladi.

Ta’kidlanishicha, zamonaviy mehmonxonalar va turizm markazlarini barpo qilib, 20 ming kishining bandligini ta’minlash imkoni bor.

Qishloq xo‘jaligidagi asosiy vazifa hosildorlikni oshirish, eksportni ko‘paytirish va sanoatlashtirish bo‘ladi. Shu maqsadda paxtachilikda 80 sentnergacha hosil beradigan, tola chiqimi 45 foizgacha bo‘lgan Xitoy navi ekiladi.

10 ming gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy qilinib, yana 20 ming gektar lazerli tekislanadi. “Tuyamo‘yin”, “Miyan”, “Chinobodsoy”, “Qadim”, “Qatortol”, “Paxtaobod” kanallari betonlanadi.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Meva-sabzavot yetishtirish uchun oilaviy tadbirkorlik doirasida 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi, qurilmalar xarid qilishga subsidiya beriladi, serdaromad ekinlar urug‘i va ko‘chati xarajatining 30 foizi qoplanadi.

Oziq-ovqat sanoatiga xorijiy brendlar jalb etiladi. Andijon tumanida yirik agrologistika markazi quriladi. Daryo va zovurlar, ularning atrofi tadbirkorlarga ijaraga berilib, parranda va baliq boqish yo‘lga qo‘yiladi. Marhamatdagi pillachilik klasteri Andijonning hamma tumanlariga namuna bo‘ldi. Yo‘l bo‘ylari, dala, bog‘ va tok chetlari aholiga bo‘lib berilib, 20 mln tut ekiladi.

Ijtimoiy sohalar tahlil qilinar ekan, avvalo, maktab ta’limi sifatini oshirishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 10−11 sinf o‘quvchilariga aniq, tabiiy va chet tili fanlaridan birini chuqur o‘rganish yoki ishchi va IT kasblarga o‘qish imkoni yaratiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, amaliy mashg‘ulotni tadbirkorlar o‘tkazadi.

Asaka agrotexnologiya texnikumi bilan Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘rtasida “2+2” dasturi joriy qilinadi. Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida boshqaruv va o‘qitish metodikalari yangilanadi.

Viloyat shifoxonalarini rivojlantirib, kardio, endo va mikroxirurgiya yo‘nalishida tibbiy xizmatlar eksportini 2 barobar oshirish mumkinligi qayd etildi. Andijon shahridagi bir-biriga yaqin joylashgan 8 ta shifoxonani klaster usulida birlashtirish, Tibbiyot instituti klinikasi negizida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Prezident yig‘ilish ulug‘ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunida bo‘lib o‘tayotganiga e’tibor qaratib, bu bilan andijonliklarni tabrikladi. Andijon shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yangi g‘oyaviy konsepsiya asosida qayta qurilishi ma’lum qilindi.

andijon viloyati, shavkat mirziyoyev

Davlat rahbari Andijon shahridagi san’at maktabiga o‘zbek qo‘shiqchiligiga beqiyos hissa qo‘shgan, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev nomini berishni taklif qildi. U Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida yangi iste’dod egalari tarbiyalanadi.