Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Andijon viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishda Andijon shahridagi san’at maktabiga hofiz Sherali Jo‘rayev nomini berishni taklif qildi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sherali Jo‘rayev O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy mukofoti sovrindori hisoblanadi.

San’at maktabi Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv va turar joy binosi, zarur infratuzilma obyektlari barpo etiladi, shuningdek, Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatiladi.

Sherali Jo‘rayev 2023-yilning 4-sentabr kuni 76 yoshida vafot etgan. Shavkat Mirziyoyev uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgandi.

Shuningdek, dalat rahbari Andijon shahrida davlat arbobi va sarkarda, alloma va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida juda keng ko‘lamli qurilish ishlari rejalashtirilgani ma’lum qilindi.