Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, deputat Odiljon Tojiyev pora bilan qo‘lga tushgan sudya va prokurorlar ko‘rib chiqqan barcha materiallar qayta ko‘rilishi shart ekanini qayd etdi. U bu fikrni so‘nggi paytlarda ushbu shaxslar pora bilan qo‘lga tushishi ko‘paygani fonida bildirdi.

“Bugun yana bir prokuror pora bilan qo‘lga tushdi. O‘tgan hafta esa Mingbuloq tuman sudi raisi pora bilan qo‘lga olingan edi. Afsuski, bunday ishlar odatiy holdek o‘tib ketmoqda. Biroq qonunni amalda qo‘llash orqali qonuniylikni ta’minlash asosiy burchi bo‘lgan bu kabi shaxslarning o‘zlari qonunni buzishayotgani odamlarda qonunlarga, pirovardida esa davlatga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi”, — deya yozdi Tojiyev o‘z Telegram kanalida.

Uning qayd etishicha, bunday shaxslarning jinoyatiga baho berishda ularning o‘tgan faoliyati davomida fuqarolarga nisbatan tasdiqlagan ayblov xulosalari va qabul qilgan qarorlariga ham baho berilishi kerak. “Chunki bu kabi noloyiq shaxslarning harakatlari oqibatida qanchadan-qancha fuqarolar nohaq ayblanib, nohaq sudlanib ketgan bo‘lishi mumkin”.

“Fikrimcha, qonunchilikni mana shu yo‘nalishda takomillashtirish zarur. Bunday jinoyatchi shaxslar ko‘rib chiqqan barcha materiallar ko‘tarilib, qayta ko‘rib chiqilishi shart. Shunda adolat tiklanadi”, — deya o‘z fikrini yakunlagan deputat.

Avvalroq Navoiy viloyatida Hakamlik sudlari assotsiatsiyasining viloyatdagi vakolatxonasi huzuridagi hakamlik sudi sudyasi, Mingbuloq tuman sudi raisi, fuqarodan 10 ming dollar olishda gumonlangan Oliy sud xodimi hamda Buxoro viloyati Kogon tumani prokurori qidiruvdagi shaxsga qo‘llangan qamoq chorasini bekor qilish va jinoyat ishi bo‘yicha yengillik berish evaziga 90 ming dollar olishda gumonlangani haqida xabarlar berilgandi.