Toshkent shahri va Xorazm viloyatida shahvoniy shilqimlik qilgan ikki erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarorlari bilan tanishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining tegishli hujjatiga ko‘ra, Toshkent shahrida 2024-yil 10-fevral kuni soat 19:30 larda 2004-yilda tug‘ilgan qiz kafega otasini tug‘ilgan kuni sababli tashkil etilgan tadbirga borish uchun taksi buyurtma bergan. U taksi kelganidan so‘ng orqa o‘rindiqqa joylashib, manzilga ketish vaqtida haydovchi, 1986-yilda tug‘ilgan A.K. avtomashinasining orqani ko‘ruvchi ko‘zgusi orqali unga gapirib, uning yoshini hamda egnidagi libosini gapirib, har xil shahvoniy so‘zlar bilan unga shilqimlik qilgan. Shundan kelib chiqib, jabrlanuvchi suddan ayblanuvchiga qonun doirasida qat’iy chora ko‘rishni so‘ragan.

Huquqbuzar A.K. sud majlisida, haqiqatdan ham qizning yoshini, ishlash joyini hamda kiyimlarini gapirganini, bilmasdan ushbu harakatni sodir qilganini, jabrlanuvchidan kechirim so‘rab, afsusdaligini, hozirda qilmishidan pushaymonligini bildirib, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud A.K. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

A.K.dan ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida 255 000 so‘m undirilgan.

Shuningdek, Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida 2024-yil 25-yanvar kuni soat 15:57 larda qiz o‘z yashash uyida o‘tirganida, o‘ziga oldindan notanish bo‘lgan fuqaro ya’ni 1994-yilda tug‘ilgan D.X. (erkak) uyali aloqa vositasiga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qilganini ma’lum qilgan.

Qizning aytishicha, erkak unga qomati yoqishini va jinsiy aloqada bo‘lishni taklif qilib, uning uchun nomaqbul bo‘lgan so‘zlar aytib hamda sha’ni va qadr qimmatini tahqirlab, unga shahvoniy tarzda shilqimlik qilgan. Shuningdek, qiz fotihalangan bo‘lgani hamda oila a’zolari oldida uyatga qo‘ygani sababli uni kechirmasligini va unga nisbatan jazo tayinlashda ma’muriy qamoq bilan bog‘liq jazo tayinlashni so‘rab ko‘rsatma berdi.

Sud majlisida jabrlanuvchining otasi R.Yu. ham qizi hozirgi kunda fotihali bo‘lgani uchun qo‘ni qo‘shnilari orasida uyatga qo‘yganligi sababli D.X.ni kechirmasligini va unga nisbatan jazo tayinlashda ma’muriy qamoq bilan bog‘liq jazo tayinlashni so‘rab ko‘rsatma berdi.

Sud majlisida D.X. aybiga iqrorligini, shu kun biroz spirtli ichimlik iste’mol qilgani sababli ushbu holat bo‘lganini, qilmishidan pushaymon ekanini, u va uning oila a’zolaridan kechirim so‘rashini hamda o‘ziga nisbatan jazo tayinlashda yengillik qilishni so‘rab ko‘rsatma berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, D.X. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga ushbu modda bilan 5 (besh) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, jazo o‘talganidan so‘ng D.X. Urganch shahar IIB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdori (340 000 so‘m)ning 15 foizi miqdorida, jami 255 000 so‘m undirilishi tayinlandi.