O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning The Economist Intelligence Unit (EIU) tadqiqot tashkiloti tomonidan har yili tuziladigan “Demokratiya indeksi"da (Democracy Index 2023) 167 mamlakat ichida 148-o‘rinni egalladi. Bu o‘rinda Xitoy ham joylashgan.

EIU 2006-yildan beri “Demokratiya indeksi"ni e’lon qilib keladi. Davlatlarga beshta toifa bo‘yicha ball beriladi, so‘ng ballar asosida har biri tuzum turi bo‘yicha tasniflanadi: to‘la demokratiya, nomukammal demokratiya, gibrid tuzum va avtokratiya.

Tadqiqotchilar O‘zbekistonni hali hamon avtoritar tuzumga ega davlatlar qatoriga joylashtirmoqda va mamlakatdagi demokratiya bilan bog‘liq vaziyatni 10 balldan 2,12 ball sifatida baholamoqda. Bunda toifalarga quyidagicha ball berilgan:

  • saylov jarayoni sifati va plyuralizm — 0,08 ball;
  • hukumat faoliyati — 1,86 ball;
  • siyosiy ishtirok — 2,78 ball;
  • siyosiy madaniyat — 5 ball;
  • fuqarolik erkinliklari — 0,88 ball.

O‘zbekistonda 2020, 2021 va 2022 yillarda ham xuddi shunday ko‘satkichlar bo‘lgan.

EIU hisobotida ta’kidlanishicha, “avtoritar” Markaziy Osiyo o‘tgan yil davomida “birozgina o‘sishga erishgan”.

Tojikiston 155-o‘rinda, Turkmaniston esa reyting yakuniga yaqinroq — 162-o‘rinda. Qirg‘iziston va Qozog‘iston yetti pog‘ona yuqorilab, mos ravishda 109 va 120-o‘rinlarga joylashdi.

“Qozog‘iston va O‘zbekistondagi siyosiy islohot jarayonlari 2023-yilda kam natija berdi. Yil davomida konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha referendumlar, parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Qozog‘istonda bir qancha yangi partiyalar paydo bo‘ldi, ammo ularning hukumatdan mustaqilligi shubhali; saylovlar erkin va adolatli emasligicha qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, O‘zbekiston demokratiyaning ko‘p sohalarida, jumladan, siyosiy ishtirokda Qozog‘istondan “ortda qolmoqda” va har ikki davlat ham “avtoritar lagerga mustahkam o‘rnashib olgan”.

Qirg‘izistondagi vaziyatni sharhlar ekan, ekspertlar prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev tandemi mamlakatning “mashaqqatli demokratik yutuqlari” hisobiga hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilganini ta’kidlamoqda. “Ular davlat xavfsizlik apparatiga sarmoya kiritdi, bir vaqtlar kuchli bo‘lgan parlament tizimini iyerarxik prezidentlik tizimiga almashtirdi va norozilikni bostirdi”, — deyiladi hisobotda.

Sobiq SSSR

Mamlakat
Jahon reytingi
Tuzum turi
Armaniston
84
Gibrid
Ozarbayjon
130
Avtoritar
Belarus
151
Avtoritar
Gruziya
89Gibrid
Qozog‘iston
120Avtoritar
Qirg‘iziston
109Avtoritar
Moldova
68Nomukammal demokratiya
Rossiya
144Avtoritar
Tojikiston
155Avtoritar
Turkmaniston
162Avtoritar
O‘zbekiston
148Avtoritar
Ukraina
91Gibrid

Dunyoda

Norvegiya bir necha yildan beri “Demokratiya indeksi"da yetakchilik qilmoqda. Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, Yangi Zelandiya, Islandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya, Irlandiya, Shveysariya, Niderlandiya va Tayvan joylashgan.

Reytingni Suriya, Markaziy Afrika Respublikasi, Shimoliy Koreya, Myanma va Afg‘oniston yakunlab bergan.

Dunyoda umumiy demokratiya darajasi o‘tgan yili 5,23 punktgacha tushgan (2022-yilda 5,29 edi). Bu so‘nggi yillardagi regressiya va turg‘unlikning umumiy tendensiyasiga mos keladi va indeks e’lon qilina boshlaganidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Reyting mualliflari 2023-yilda 24 ta davlatni to‘laqonli demokratik davlatlar qatoriga kiritgan — ularda dunyo aholisining 7,8 foizi istiqomat qiladi; 50 ta davlat (37,6 foiz) nomukammal; 34 davlat (15,2 foiz) gibrid tuzum; 59 mamlakat (39,4 foiz) avtokratiya sifatida tasniflangan.